Xitoy raisi Si Szinpin Yaqin Sharq mamlakatlari o‘z taqdirini mustaqil ravishda belgilashi va mintaqa ishlariga tashqi aralashuvga qarshi turishi kerakligini bildirdi.
Si Szinpin bu fikrni Misr prezidenti Abdulfattoh as-Sisi bilan Qohirada o‘tkazgan muzokaralari chog‘ida aytdi.
Xitoy rahbari Yaqin Sharqdagi vaziyatni muhokama qilar ekan, Pekin mintaqa davlatlarini yangi xavfsizlik arxitekturasini shakllantirishda qo‘llab-quvvatlashini ta’kidladi.
«Yaqin Sharq xalqlari mintaqa taqdirini o‘zlari belgilashi va tashqi aralashuvlarga qarshi turishi kerak», — dedi Si Szinpin.
U, shuningdek, tashqi kuchlarni ikki tomonlama standartlardan voz kechishga hamda mintaqadagi muammolarni hal etishda BMTning faol rolini qo‘llab-quvvatlashga chaqirdi.
Si Szinpinning ta’kidlashicha, Xitoy va Misr xavfsizlik hamda terrorizmga qarshi kurash sohalarida hamkorlikni kuchaytirish niyatida.
Bundan tashqari, ikki davlat toza energetika, elektromobillar, kosmos va raqamli iqtisodiyot kabi yo‘nalishlarda ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirishni rejalashtirmoqda.