AQSh fond bozori holatini baholash uchun qo‘llaniladigan amerikalik investor Uorren Baffet ishlab chiqqan indikator sun’iy intellekt (SI) sohasida moliyaviy pufak paydo bo‘lishi ehtimolidan darak beruvchi darajaga etdi. Bu haqda Newsweek jurnali yozdi.
Baffet indikatori ilk bor 2001 yilda Fortune jurnalida e’lon qilingan. U AQShda birjada ro‘yxatga olingan barcha kompaniyalarning umumiy bozor qiymatini mamlakat yalpi ichki mahsuloti (YAIM) bilan taqqoslaydi. Long Term Trends sayti ma’lumotlariga ko‘ra, 7 oktyabr holatida ko‘rsatkich rekord daraja — 236,67 foizga etgan.
Newsweek ta’kidlashicha, indikator Baffetning o‘zi investorlar «olov bilan o‘ynayotgan» davr sifatida ta’riflagan oraliqqa kirgan.
Bu AQSh aksiyalarining umumiy bozor qiymati mamlakat YAIMidan ikki baravardan ko‘proq ekanini anglatadi. Nashrning yozishicha, bu bozor aktivlari ortiqcha baholanayotgani va sun’iy intellekt sohasidagi moliyaviy pufak yorilishi mumkinligi haqidagi xavotirlarni kuchaytirayotgan omillardan biridir.
Baffetning ta’kidlashicha, indikatorning shunga o‘xshash tez o‘sishi internet-kompaniyalar aksiyalari haddan tashqari qimmat baholangan «dotkomlar pufagi»dan oldin ham kuzatilgan.
Motley Fool konsalting kompaniyasi ma’lumotlariga ko‘ra, AQSh fond bozorining qariyb uchdan bir qismi «Etti buyuklik» deb ataluvchi kompaniyalarga to‘g‘ri keladi. Ular — Alphabet, Amazon, Apple, Meta (Rossiyada ekstremistik tashkilot deb tan olingan va taqiqlangan), Microsoft, Nvidia va Tesla. Ushbu kompaniyalarning deyarli barchasi sun’iy intellekt sohasiga yirik sarmoya kiritmoqda va so‘nggi yillarda ular aksiyalari qiymatining o‘sishiga aynan shu yo‘nalish sezilarli ta’sir ko‘rsatgan.
Newsweek keltirgan Goldman Sachs ma’lumotlariga ko‘ra, 2022 yil oxiridan beri sun’iy intellekt bilan bog‘liq kompaniyalarning umumiy bozor kapitallashuvi 27 trillion dollarga oshgan.
Bu esa kompaniyalarning bozor qiymati ularning daromadlariga nisbatan ancha tez o‘sib borayotgani haqida xavotirlarni keltirib chiqarmoqda. Agar sun’iy intellektga kiritilayotgan investisiyalar o‘zini oqlamasa, investorlarning bu sohaga bo‘lgan qiziqishi keskin pasayib, bozorda vahima yuzaga kelishi mumkin.
Bain & Company hisob-kitoblariga ko‘ra, va’da qilingan barcha ma’lumotlar markazlari va hisoblash quvvatlariga sarflangan xarajatlarni qoplash uchun 2030 yil oxiriga kelib soha yiliga 2 trillion dollar daromad keltirishi kerak bo‘ladi.