Shvesiya o‘z konstitusiyasiga davlatga xavf tug‘diruvchi shaxslarni mamlakat fuqaroligidan mahrum qilishni nazarda tutuvchi o‘zgartirishni kiritishga tayyorlanmoqda, deb xabar beradi Reuters.
Partiyalararo parlament qo‘mitasi tomonidan kelishilgan holda konstitusiyaga kiritiladigan o‘zgartirishlarga ko‘ra, Shvesiya fuqaroligini yolg‘on ma’lumotlar, pora yoki tahdidlar orqali qo‘lga kiritgan qo‘sh fuqarolikka ega, shuningdek, josuslik yoki davlatga xiyonatda ayblangan shaxslar fuqaroligi bekor qilinishi mumkin.
Shvesiya hukumatidagi o‘ng partiya qo‘sh fuqarolikka ega jinoiy guruh a’zolarini ham fuqarolikdan mahrum etish taklifini bildirgan, ammo partiyalararo qo‘mita buni qo‘llab-quvvatlamagan. Bundan tashqari, qo‘mita o‘zgartirishlar to‘plamiga konstitusiyada abort qilish huquqini mustahkamlovchi moddani kiritishni tavsiya qilgan.