Bugun 27 iyul, 2024 yil, shanba

КИР

“Shum bola” yangi formatda chop etildi

“Shum bola” yangi formatda chop etildi

O‘zbek adabiyotining yirik namoyandasi, O‘zbekiston xalq shoiri, akademik G‘afur G‘ulom tavalludining 120 yilligi munosabati bilan adibning uy-muzeyida G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyot-matbaa ijod uyi tomonidan yangi formatda nashr etilgan “Shum bola” qissasining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

– Ushbu asar xalqimizning yurak-yuragidan joy olgani bejizga emas, – deydi O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi o‘rinbosari G‘ayrat Majid. – Yozuvchi o‘zi yashagan davrning qiyofasini, mahallalardagi hayot tarzini, ishsizlik, qashshoqlar va boylar hayotini turfa hangomalar bilan tasvirlab bergan. Bundan tashqari qissada XX asrdagi xalqimizning turmush tarzi va qora urushning insonlar hayotiga ta’siri ochib berilgan. Uni o‘qish davomida Siz ham yozuvchi bilan birga Toshkent mahallalari bo‘ylab safarga chiqasiz.

Taqdimotda so‘zga chiqqanlar asar qahramonining sayohatida har bir kitobxon o‘zini beixtiyor unga hamroh sifatida ko‘rishi mumkinligini aytib o‘tishdi. Asarning yutug‘i va tabiiyligi ham aynan shunda. Shu sababli ham kitob asrdan-asrga o‘z o‘quvchilari bilan birga o‘tib kelmoqda.

– “Shum bola” qissasi BBCning “Barcha davrlarning 100 ta eng buyuk bolalar kitoblari” ro‘yxatiga kiritilganligi ham asarning qanchalik mahorat bilan yozilganligidan darak beradi, – deydi G‘afur G‘ulomning qizi Olmos Ahmedova. – Ushbu asarni G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyot-matbaa ijod uyi yangi formatda nashr qilgani meni juda quvontirdi. Qarang, bir qissaning o‘zi turli rangdagi muqovalarda – qizil, sariq, yashil rangdagi muqovalarda chop etilgan. Bu rang-baranglik kitobxon bolalarda boshqacha qiziqish uyg‘otsa, ajab emas.

Adabiyotshunos Adhambek Alimqulovning ta’kidlashicha, G‘afur G‘ulom o‘smirlik yillarida qilmagan ishi qolmagan. Oxiri bosmaxonaga harf teruvchi-naborshik bo‘lib ishga kiradi. Muzeyda shoir ishlagan bosmaxonaning fotosurati osilgan. O‘shanda ustozi Abdurahmon Sohiboyevning maslahati bilan 8 oylik o‘qituvchilar tayyorlash kursida o‘qiydi. Bitirgach, 1919 yil 3 martda Bodak mahallasidagi “Cho‘lpon” nomli maktabga o‘qituvchi etib tayinlanadi. 1924 yili “Hayot” maktabiga, keyinchalik, “Umid” musiqa bilim yurtida ishlaydi. 1926 yili 3-boqimsiz bolalar uyiga mudir etib tayinlanadi. Ayni paytda 7 yillik “Urfon” maktabida ham mudirlik vazifasini bajaradi. Muzeyda G‘afur G‘ulomning o‘qituvchilik faoliyati haqidagi surat va hujjatlar bor.

– G‘afur G‘ulom ijodini “Shum bola” asarisiz tasavvur qilib bo‘lmaydi, – deydi G‘afur G‘ulom nimidagi nashriyot matbaa ijod uyi bosh muharriri Habib Abdinazar. – Qissa XX asrning 30-yillarda arab imlosida yozila boshlangan. Dastlab “Dovdirash” nomi bilan 1936 yili nashr etilgan. Keyinchalik yozuvchi uni “Shum bola” deb atagan. G‘afur G‘ulom bu qissani to 60-yillargacha qayta ishlagan va asar hozirgi biz o‘qiydigan holga keltirilgan. Muzeydagi vitrinada siz ushbu qissasining turli yillarda va turli tillarda chop etilgan nusxalarini ko‘rasiz. U rus, tojik, qozoq, arab, urdu, latish, venger, rumin, grek va boshqa horijiy tillarga tarjima qilingan.

Adiblar, jurnalistlar uy-muzeyini tomosha qilar ekan, akademik adibimizning hayoti va ijodi bilan bog‘liq ko‘plab ma’lumotlardan boxabar bo‘ldi. Shoirning qizi, muzey direktori Olmos Ahmedova har bir surat va eksponat zamiridagi qiziqarli hayotiy hikoyalarni so‘zlab berdi. Suhbatda G‘afur G‘ulomning 11 nafar farzandi bo‘lgani, shoirning bolajonligi bilan bog‘liq voqealar ham yodga olindi.

Taqdimot so‘nggida “Shum bola”ning yangi formatdagi nashri ishtirokchilarga taqdim etildi.

Kiritildi: 15:26 27.11.2023. O'qildi: 1206 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!