Bugun 8 may, 2024 yil, chorshanba

КИР

Shou-biznes vakillari dizayner Narimon Grigoryanni xotirlamoqda

Shou-biznes vakillari dizayner Narimon Grigoryanni xotirlamoqda

14 yanvar kuni taniqli dizayner Narimon Grigoryanning murdasi qotillik alomatlari bilan o‘zi ijarada yashaydigan xonadondan topildi.

Holat yuzasidan shu kunning o‘zida Yashnobod tuman prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 97-moddasi 1-qismi (qasddan odam o‘ldirish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Narimon Grigoryan o‘zbekistonlik taniqli dizayner, xalqaro moda namoyishlari, tanlovlari va festivallari ishtirokchisi edi. U 2004—2008 yillarda O‘zbekiston raqs akademiyasida tahsil olgan. U Toshkentda Nariman Grigoryan brendi ostidagi moda uylariga egalik qilardi.

U o‘z vaqtida «Todes» guruhi safida ijod qilgan, xalqaro raqs tanlovlarida O‘zbekistondan yagona hakam sifatida ishtirok etib kelardi.

O‘zbek shou-biznesi vakillari Narimon Grigoryanni xotirlamoqda. Xususan, «Setora» guruhi xonandasi Leyli Narimon har doim ochiqko‘ngil va mehribon inson sifatida xotirlanishini yozadi:

«Bunga ishongim kelmaydi. Kim sen bilan bunday ish qilishga jazm qildi? Ushbu qilmish uchun javob berishsin! Narimon, xotirang qalblarimizda mangu yashaydi. Biz uchun go‘zallik yaratganing, qo‘llab-quvvatlaganing, qilgan barcha yaxshiliklaring uchun rahmat! Seni har doim ochiq va mehribon inson sifatida eslab qolamiz».

«Men seni quvnoq, o‘z uslubiga ega, hayotni boricha qabul qila olish va seva olish qobiliyatiga ega inson sifatida xotirlayman. Sen o‘z ishingning ustasi eding. Va shunchaki o‘z atrofida iliq atmosfera yarata olgan mehribon va jonkuyar inson eding. Men sendek do‘stim bo‘lganidan xursandman. Afsuski, bu dunyoni juda erta tark etding. Joying jannatdan bo‘lsin», — deb yozadi xonanda Tamila.

Yagona esa Narimonni o‘z maqsadi sari olg‘a qadam tashlaydigan inson sifatida xotirlaydi:

«Afsus. Bizning Narik (Narimon) iste’dodli, har doim olg‘a intiladigan, hech kimga zarari tegmaydigan inson edi. Alvido, do‘stim!».

«Narimon bilan tengdoshmiz, u bilan ‘Sevimli ovoz’ loyihasi doirasida tanishgandik, begona odam bilan bittada hech qachon ochilib kulishib o‘tirmayman, yulduzim to‘g‘ri keladigan odam bilan tanishsam, yuz yillik tanishimdek hamma narsani muhokama qilishim mumkin. Narimon har qanday odamni o‘ziga yengil tortadigan xususiyati bor ajoyib inson edi. Nihoyatda talantli, raqs, kiyimlar dizayni, sahnada o‘zini tutish madaniyati — hammasidan professional bilimi bor bola edi.

Uning men uchun eng yodda qolarli xususiyati bu odamlarni oson kuldira olishi edi ‘umpata-tumpan’ deb doira chalgandek yoshi katta odamlarni kamchiligini yuziga aytib, stolni urib qo‘yardi, bunday odamlarni ‘yuradigan kayfiyat’, ‘bitmas tuganmas yumor sohibi’ deyishadi, u shunaqa edi...

Bugun qalbim yig‘ladi, shu bola o‘lganini eshitib yuragim achidi, u bekorga yashamagani aniq, qisqa umri davomida katta ishlarni qilishga ulgurdi, orqasidan yig‘laydigan odamlari qolgan ekan, demak foniy dunyoda ham saodatga erishishiga ishonaman, shunaqa bo‘lsin, Ilohim! Joying jannatda bo‘lsin do‘stim», — deb yozadi «Sevimli» telekanali bosh prodyuseri Amira Rashidova.

«Bunga ishonish qiyin, tilim lol, sen eng samimiy, mehribon do‘stim sifatida mudom xotiramda qolasan», — deya marhumni xotirlaydi Energetika vaziri matbuot maslahatchisi Elmira Bekmurodova.

Kiritildi: 14:08 15.01.2020. O'qildi: 3357 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!