Bugun 26 aprel, 2024 yil, juma

КИР

Shotlandiyalik erkaklar nega yubka kiyishadi?

Shotlandiyalik erkaklar nega yubka kiyishadi?

Chiroyli kamzul, qimmatbaho tufli va yubka kiygan erkak. Nima bu? Moda namoyishimi? Yo‘q, bu Shotlandiya!

Aytgancha, ularning katak-katak kiyimini yubka deyishsa, shotlandlarning jahli chiqadi yoki xafa bo‘lishadi. Chunki bu kiyim KILT deb nomlanib, uni kiyib yurish ko‘p asrlar davomida milliy an’anaga aylangan. Shotlandlarning so‘zlariga ko‘ra, bunday kiyimlar ularning yengilmas ruhga ega ekanliklari belgisidir, deydi “xabardor.uz”.

Kilt tarixi

Kilt tog‘liklar davrida paydo bo‘lgan. Kuchli Shotlandiya erkaklari bu kiyim turli baland pastliklardan oson yurishga yordam berishini aytishgan. Shuningdek, kilt ko‘chada uxlashga to‘g‘ri kelganda ko‘rpa vazifasini bajargan.

Shotlandiya xalqi o‘z milliy libosini mardlik, jasorat va erkinlik ramzi deb bilishadi. Ular bir necha marta kilt kiyish huquqini himoya qilishlariga to‘g‘ri kelgan. XVIII asrda Shotlandiya o‘z mustaqilligini yo‘qotadi. Mamlakatning yangi hukmdorlariga aylangan inglizlar erkaklarga katak-katak yubka kiyishni taqiqlaydi.

O‘z urf-odatlariga sodiq bo‘lgan shotland erkaklari shimlarni tayoqchalarga kiyg‘izib qo‘yib, o‘zlarining milliy kiyimlarini kiyib gerdayib yurishgan. Bu holatlar ba’zan hibsga olish va qamoq jazosi bilan yakunlangan bo‘lsa-da ozodlikni sevadigan odamlar bundan qo‘rqishmagan.

Mamlakatda klanlar jangi haqida afsona bor. Afsona Shotlandiya va Irlandiya tog‘lari orasida bo‘lib o‘tgan jangda shotlandlar irlandlarning 7 ming kishilik qo‘shinini qanday mag‘lub qilganligi haqida bo‘lib, o‘shanda tog‘lardan qo‘rqmaydigan shotlandlar kiltlarini yechib bitta ko‘ylakda kurashgan ekan. Bu urush tarixga “ko‘ylakli jang” nomi bilan kirgan.

Kilt qanday yaralgan?

Qadimgi davrlarda kilt bir-biriga tikilgan ikkita jun qoplamadan yaratilgan. Uning uzunligi 7-8 metrga yetgan. Erkaklar uni beliga o‘rab, matoning qolgan qismini yelkasiga tashlab olishgan. Keyinchalik milliy kiyimlarning ko‘rinishi o‘zgargan. Oddiy ishchilarga qulay bo‘lishi uchun “ortiqcha mato”dan qutulishga qaror qilingan. Shu bilan uzunligi tizzadan tushib turadigan zamonaviy kilt yaratilgan va u “kichik kilt” deb nomlangan.

Shotland erkaklarining kiyimiga qarab uning qaysi tabaqaga mansubligini aniqlash mumkinligi haqida juda kam odamlar biladi. Kiltning rangi, tikilishi va chiziqlarining soni shotlandlarning barcha sirlarini ochib beradi. Masalan, kambag‘al va uy xizmatchilari bir rangdagi yubka kiygan, fermerlar 2 xil, ofitserlar 3 xil, harbiy qo‘mondonlar 5 xil, yozuvchi va shoirlar esa 6 xil rangdan iboratlilarini kiygan. Rahbarlarga 7 xil rangli yubka kiyishga ruxsat berilgan.

Hozirgi kunda kilt uchun, taxminan, 700 ga yaqin chiziqlar to‘plami mavjud. Kilt tabiiy ranglar bilan bo‘yaladi. Masalan, maymunjondan binafsharang olinadi. Kilt tikiladigan mato tabiiy jundan tayyorlanadi – u tartan deb nomlanadi.

Bugungi kun an’analari

Zamonaviy shotlandlar o‘z urf-odatlariga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lsalar-da bugungi kundagi kundalik hayotlarida kilt kiyib yurishmaydi. Milliy kiyimdagi odamni faqat katta bayramlarda, to‘ylarda yoki sport musobaqalarida ko‘rish mumkin.

Shotlandiya maxsus raqs tomoshalariga mezbonlik qiladi. Ularda kilt kiygan erkaklar qatnashadi. Bu manzaraning ko‘rinishi juda chiroyli va qiziqarli.

Kiritildi: 22:30 20.01.2020. O'qildi: 11020 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!