Shotlandiya janubidagi Korsvoll mayog‘i devorlari ostidan ichida 132 yillik maktub mavjud shisha idish topildi, deb xabar beradi BBC.
O‘lchami 20 santimetrni tashkil etadigan butilka Shimoliy mayoq boshqarmasi muhandis-mexanigi Ross Rassel tomonidan mayoqni tekshirish davomida aniqlangan.
«Bu shu qadar hayajonli bo‘ldiki, xuddi o‘tmishdagi hamkasblarimiz bilan uchrashib qolgandek edik», — deydi mayoq nazoratchisi 77 yoshli Barri Miller.
Shisha idish ichidagi maktubga 1892 yil 4 sentyabr sanasi qo‘yilgan bo‘lib, u 30 metrli minoraga yangi turdagi yuritish uskunasini o‘rnatgan uch nafar muhandis nomidan patqalamda yozilgan. Ular mayoqqa yoritish uskunasini kim va qaysi firma vakillari o‘rnatganini yozib qoldirgan.
Ta’kidlanishicha, bu Shotlandiyadagi mayoqdan shu vaqtga qadar topilgan butilka ichidagi birinchi maktub hisoblanadi.