Shols Germaniyada hukumat koalisiyasi parchalanganidan keyin birinchi marta Zelenskiy bilan Kiyevga keyingi yordamni muhokama qildi.
Telefon suhbatida Ukrainadagi harbiy va gumanitar vaziyat muhokama qilindi, deb xabar qildi Germaniya hukumati matbuot xizmati.
Zelenskiy Berlinga harbiy yordam, xususan, Ukraina havo mudofaasini kuchaytirgani uchun minnatdorchilik bildirdi. Press-relizda qayd etilishicha, Shols «Rossiyaning qariyb 1000 kundan beri davom etayotgan tajovuziga qarshi Germaniyaning Ukraina bilan sobit va ajralmas birdamligini» tasdiqlagan va Kiyevni kelgusida, jumladan, harbiy sohada ham yordam berishga ishontirgan.
Ukraina rahbarining so‘zlariga ko‘ra, Germaniya kansleri rejalashtirilgan IRIS-T havo mudofaa tizimlarining oltinchisi 2024 yil oxirigacha Ukrainaga yetkazilishini tasdiqladi. Zelenskiy Shols bilan Germaniyaning Reynland-Pfalz federal shtatida Ukrainaga harbiy yordam ko‘rsatuvchi G‘arb hamkorlarining uchrashuvlari uchun Ramshteyn formatini saqlab qolishga kelishib oldi.