Bundan 5 yil avval vatanimizning faxri barchamizga o‘rnak bo‘lgan ustozimiz shayx hazratlari vafot qildilar.
U kishi xalqimiz uchun qanchalik qadrli bo‘lgan bo‘lsalar, Islom olami va dunyo ulamolari uchun ham huddi shunday qadrga ega edilar. Sizlarga buyuk va mashhur ulamolarning fazilatli shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari haqidagi ba’zi e’tiroflarini taqdim etamiz.
Alloma Muhammad Avvoma:
«Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf vataningizning haqiqiy shayxul-Islomidir».
Dunyo ulamolar hamjamiyati bosh kotibi shayx Ali Qoradog‘i:
«Shayx hazratlari bir o‘zlari butun MDH uchun yetarli darajada faol va fidokor olim edilar. U kishidan keyin u kishining o‘rnini to‘ldiradigan olim topa olmadik. Biz u kishiga juda muhtoj bo‘lganimizda vafot qildilar».
Hudoyi vaqfi rahbari shayx Usmon Nuriy To‘pbosh:
«Shayx hazratlari bilan do‘stligimiz bor edi. U kishining xususiyati birgina ilm bilan kifoyalanib qolmadi. Ruhiy tarbiyaga alohida e’tibor berdi. Bugungi kunimizda Islom olami aynan shayx hazratlaridek olimlarga muhtoj».
Shayxul-Islom Muftiy Taqiy Usmoniy:
«Shayx hazratlarining xizmatlarini yaqindan tanigach hayron qoldim. Juda barakotli xizmat qilgan ekanlar».
Turkiya ulamolar hamjamiyati bosh kotibi Shayx Umar Faruq:
«Shayx hazratlari bilan 1990 yili boshlarida tanishgan edim. Hayotimda juda katta iz qoldirgan edilar. U kishi o‘zbeklarning emas, butun Islom dunyosining faxri edi».
Hindiston muhaddislari raisi shayx Ne’matulloh A’zamiy:
«Shayx Muhammad Sodiq hazratlari Hindiston imomi shayx Qosim Nonutviy kabi edilar. Bu ikki olim uzun umr ko‘rmagan bo‘lsalar ham, o‘zlaridan juda katta ilmiy me’ros va ko‘plab shogirdlar qoldirib ketganlar».
Ibn Xaldun Universiteti boshqaruv hay’ati raisi professor Doktor Irfon Gunduz:
«Shayx hazratlari menga o‘z akamdek edilar. Mening hayotimda juda muhim o‘ringa egadirlar. Ilmi va amali bilan dunyo ulamolari orasida ajralib turar edilar».
Turkiya ilmiy tadqiqotlar markazi ilmiy rahbari Hidoya Erdogan:
«Shayx hazratlari juda-juda barakali zot bo‘lgan ekanlar. Hatto
O‘zbekistonning eng chekka joylarida ham u kishining shogirdlari yoki asarlarini uchratdim».
Turkiya Navoiy vaqfi rahbari doktor Oktay Chotqol:
«Shayx hazratlarining ikki xususiyatlarini barchaga ibrat sifatida tavsiya qilaman: vatanini sevgan va har qanday holatda ham ilmga xizmat qilgan zot edilar. Hijratda bo‘lishlariga qaramasdan, ilmiy faoliyatlarini aslo to‘xtatmagan edilar».
So‘ng so‘z.
«Shayx hazratlari hali ham hayotlar. Ilmiy meroslari bilan, farzandlari va shogirdlari bilan biz bilan birgalar. Shunchaki jismoniy jihatdan bizdan ajraldilar, lekin ruhoniy jihatdan emas. Modomiki u kishini kitoblarini o‘qir, ma’ruzalarini eshitar, shogird va farzandlarida iste’foda qilar ekanmiz, shayx hazratlari biz bilan birgadirlar».
Alloh taolo hazratimiz kabi olimlarimizni ko‘paytirsin!
Manba: Muhammad Odil Hamidov kanali
Islom.uz portali tahririyati