Bugun 2 avgust, 2025 yil, shanba

КИР

Shavkat Mirziyoyevning gapidan keyin IIV xodimlari uchastka noziriga aylanyaptimi?

A A A
Shavkat Mirziyoyevning gapidan keyin IIV xodimlari uchastka noziriga aylanyaptimi?

Ijtimoiy tarmoqlarda Mirziyoyev gapidan keyin yuqori rutbali IIV xodimlari uchastka noziriga aylanmoqda sarlavhasi bilan tarqatilgan ma’lumotlar O‘zbekiston Respublikasi IIV Huquqbuzarliklar profilaktikasi bosh boshqarmasi hamda Kadrlar bosh boshqarmasi tomonidan o‘rganib chiqildi va qayd etilgan ushbu ma’lumotlar o‘z tasdig‘ini topmadi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi IIV Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar boshqarmasi xabar berdi.

Jumladan, maqolada O‘zbekiston Prezidentining joriy yil 10 yanvar kuni bergan og‘zaki tavsiyasi asosida Ichki ishlar vazirligi xodimlarining 86 foizini quyi bo‘g‘inga tushirish ishlari boshlandi , - deb ko‘rsatilgan. Biroq, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashining 2019 yil 10 yanvar kuni o‘tkazilgan kengaytirilgan yig‘ilishida davlatimiz rahbari tomonidan Ichki ishlar vazirligi xodimlarini 86 foizini quyi bo‘g‘inga tushirish to‘g‘risida bironbir topshiriq yoki tavsiya berilmagan.

Shu o‘rinda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 10 apreldagi Ichki ishlar organlarining faoliyati samaradorligini tubdan oshirish, jamoat tartibini, fuqarolar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishni ta’minlashda ularning mas’uliyatini kuchaytirish chora-tadbirlar to‘g‘risida gi PF-5005-sonli Farmonida O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar organlarini isloh qilish ko‘rsatilib, uning asosiy yo‘nalishlaridan biri sifatida zamonaviy xavf-xatar va tahdidlarni, bajarilayotgan ishlar muhimligi va ko‘lamini e’tiborga olgan holda ichki ishlar organlari barcha darajadagi bo‘linmalarining vazifa va funksiyalarini aniq belgilash hamda taqsimlash, tashkiliy-shtat tuzilmasini maqbullashtirish, kuch va vositalardan oqilona foydalanish belgilanganligini ta’kidlab o‘tish joiz. Mazkur Farmonda belgilangan chora-tadbirlar ijrosi yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 18 aprelda Ichki ishlar organlarining huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘linmalari faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida gi PQ-2896-sonli Qarori qabul qilinib, huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘linmalarining respublika, o‘rta va quyi pog‘onalari faoliyatini sifat jihatdan yangi tartibini o‘rnatish borasidagi ishlar bo‘yicha muayyan ishlar amalga oshirilgan hamda huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘linmalarning respublika va o‘rta pog‘ona shtat birliklari tegishlicha qisqartirilib, quyi bo‘g‘inga tushirish ishlari 2017 yilda o‘z yakuniga yetkazilgan.

Shuningdek, maqolada, Ozodlik bilan 6 mart kuni suhbatlashgan va ismi efirda e’lon qilinmasligini so‘ragan IIB polkovnigining aytishicha, u hozirda Toshkent tumanlaridan biridagi oddiy inspektor lavozimiga tushirilgan ,- deb yozilgan. Bunga, hozirgi kunda ichki ishlar organlar tayanch punktlari profilaktika (katta) inspektori lavozimida xizmat olib borayotgan xodimlar orasida polkovnik unvonli xodim mavjud emasligini bildiramiz.

Maqolaning ko‘p joyida Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmati mulozimi bilan suhbatlashilgani aytilgan. Biroq maqolada qayd etilgan ma’lumotlarni Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmatining hech bir xodimi bermagan.

Maqolada PQ-4075-sonli qaror asosida tepada akaxoni bo‘lmagan zobitlar vazirlikdagi ishidan olinib, oddiy uchastka noziri vazifasiga tayinlangani shaxsiy tarkib o‘rtasida salbiy kayfiyat tug‘dirgan:

- Men vazirlik boshqarmasida tergovchi o‘laroq samarali ishlab jinoyat qidiruv ishi bilan band edim. Ortimda hech kimim bo‘lmaganligi bois aynan meni, ya’ni oliy ma’lumotli yurist va ofiserni Toshkentdagi tumanga uchastka noziri qilib yuborishdi. Mayli,borib o‘sha tuman kriminal ahvolini o‘zgartiray, jinoyatchilikni kamaytiray, desam meni o‘z kasbim bilan bog‘liq bo‘lmagan ishlar bilan ko‘mib tashlashdi, deydi oddiy uchastka nozir bo‘lib ishlayotgan milisiya polkovnigi , - deb ko‘rsatilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 24 dekabrdagi Jamoat xavfsizligini ta’minlash samardorligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida gi PQ-4075-sonli Qarorining 7-bandi asosida profilaktika (katta) inspektorlari lavozimlari, qoida tariqasida, yurisprudensiya sohasida bilim va kasbiy malakaga ega shaxslar orasidan jamlanishi tartibi joriy etildi. Biroq, mazkur qaror chiqqanidan so‘ng hozirgi kunga qadar Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov Departamenti, Jinoyat qidiruv bosh boshqarmasi, Huquqbuzarliklar profilaktikasi bosh boshqarmasi yoki boshqa sohaviy xizmatlarda ishlab kelgan oliy ma’lumotli yurist xodimlardan biron kim quyi tizimga, shu jumladan Toshkent shahri yoki Toshkent viloyatining tumanlaridan biriga profilaktika inspektori lavozimiga tayinlanmagan.

Shu bilan bir qatorda, 2019 yil 7 fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Huquqbuzarliklar profilaktikasi va jamoat xavfsizligini ta’minlash sohasida kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirishga doir ko‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida gi PQ-4166-sonli Qarori tasdiqlanib, mazkur qarorda Toshkent shahri va Toshkent viloyatida huquqbuzarliklar profilaktikasi va jamoat xavfsizligini ta’minlash soxasida kadrlar tayyorlash va qayta tayyorlash samaradorligini oshirish maqsadida Toshkent davlat yuridik universitetining Ixtisoslashtirilgan filiali tashkil etildi.Maqolada suhbatdosh o‘z gapi isboti sifatida 2018 yilning fevral oyi mobaynida profilaktika katta inspektori zimmasiga yuklatilgan vazifalar ro‘yxatini ozodlikka taqdim qildi.Ro‘yxatda bir uchastka noziri fevral oyida jarima undirish yuzasidan 20 ta bayonnoma tuzishi va jarimalarni undirib berishi ko‘rsatilgan.Hujjatga ko‘ra, profilaktika inspektorlari qarz undirish bo‘yicha qilgan ishlarini kundalik ish daftariga qayd qilib qo‘yishi kerak.IIV polkovnigining aytishicha, qarz undirish sud ijrochisi yoki MIB (Majburiy ijro byurosi) vazifasiga kiradi:

- Nega boshqa idora qilishi kerak bo‘lgan vazifani uchastka inspektori bajarishi lozim. Bizning vazifamiz qarz undirish emas, balki jinoyatchilikka qarshi kurashku, deydi suhbatdosh , - deb ko‘rsatilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 18 apreldagi Ichki ishlar organlarining huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘linmalari faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida gi PQ-2896-sonli Qarori 2-ilovasi bilan tasdiqlangan Ichki ishlar organlari tayanch punktlari to‘g‘risida Nizom da profilaktika inspektorlarining huquqlari, majburiyatlari va javobgarligi belgilangan bo‘lib, profilaktika inspektorlari ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risida bayonnomalar tuzish va O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga muvofiq o‘zlariga taalluqli bo‘lgan ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqish huquqiga egaligi belgilangan.

Biroq, ushbu Nizomda yoki boshqa normativ-hujjatlarda profilaktika inspektorlariga har oyda ma’muriy huquqbuzarliklar bo‘yicha 20 ta bayonnoma tuzish majburiyati yuklatilmagan.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 332-moddasiga ko‘ra, jarima huquqbuzar tomonidan unga jarima solish to‘g‘risidagi qaror topshirilgan kundan boshlab o‘n besh kundan kechiktirmay, bunday qaror xususida shikoyat berilgan yoki protest bildirilgan taqdirda shikoyat yoki protest qanoatlantirilmaganligi to‘g‘risida xabar berilgan kundan boshlab o‘n besh kundan kechiktirmay to‘lanishi lozimligi ko‘rsatilgan.

Shu kodeksning 333-moddasida, huquqbuzar jarimani ushbu Kodeksning 332-moddasida belgilangan muddat ichida to‘lamagan taqdirda, jarima solish to‘g‘risidagi qaror sud hujjatlari boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risidagi qonun hujjatlarida belgilab qo‘yilgan qoidalarga muvofiq jarimani uning ish haqi yoki boshqa maoshidan, nafaqasidan yoki stependiyasidan majburiy tartibda undirib olish uchun yuborilishi, basharti jarima solingan shaxs ishlamayotgan bo‘lsa yoxud jarimani huquqbuzarning ish haqi yoki boshqa daromadidan, pensiyasi yoki stependiyasidan boshqa sabablarga ko‘ra undirib olishning iloji bo‘lmasa, uni undirib olish davlat ijrochisi tomonidan jarima solish to‘g‘risida tegishli organ (mansabdor shaxs) chiqargan qaror asosida huquqbuzarning mulkidan, shuningdek umumiy mulkidagi uning hissasidan undirib olish yo‘li bilan amalga oshirilishi belgilangan.

Shu bilan birga, IIVning buyrug‘i bilan tasdiqlangan Ichki ishlar organlari huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘linmalari faoliyatini tashkil etish tartibi to‘g‘risida Nizom da ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni yuritishda ishni qonun hujjatlarga muvofiq holda hal etish, chiqarilgan qarorning ijrosini ta’minlash, huquqbuzar jarimani belgilangan muddatda to‘lamagan taqdirda, ma’muriy bayonnoma kuzatuv xati bilan jarimani majburiy tarzda undirish uchun O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosi tuman (shahar) bo‘limlariga yuborilishi ko‘rsatilgan.

Qayd etilgan normativ hujjatlarda belgilangan qoidalarga muvofiq, vakolat doirasida bevosita ko‘rib chiqiladigan ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlar yuzasidan rasmiylashtirilgan ma’muriy bayonnomalar bo‘yicha huquqbuzar tomonidan o‘n besh kun muddatda jarimani to‘lanmagan taqdirda profilaktika inspektorlari jarimani majburiy tarzda undirish uchun bayonnomani tuman (shahar) majburiy ijro byurosiga yuboradi.

Maqolada suhbatdosh shu kunda band bo‘lgan ishlarni sanar ekan, bularning birortasi jinoyat qidiruv yoki profilaktika bilan bog‘liq emasligiga e’tibor qaratdi:

- Hozir perepis naseleniye (aholini sanash) jarayoni ketyapti. Shunga jalb qilinganmiz. Nizolashgan er-xotin, qaynona-kelinni yarashtirish, daraxt ekish, daraxt oqlash bilan bandmiz. Bundan tashqari, Mahalla jamg‘armasi, Hotin-qizlar qo‘mitasi majlisiga borib o‘tirib kelamiz, deydi polkovnik rutbasidagi IIO FMB HPBTP katta noziri , - deb ko‘rsatilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 4 oktyabrdagi Saylov jarayoni zamonaviy axborot-kommunikasiya texnologiyalarini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida gi PQ-3961-sonli Qarorida belgilangan tadbirlar ijrosi bo‘yicha IIVga fuqarolarni uyma-uy yurib o‘rganish orqali ularning pasport ma’lumotlarini ko‘chmas mulk ob’ektining kadastr raqamiga bog‘lagan holda IIVning axborot bazasidagi fuqarolarning doimiy va vaqtincha yashash joylari manzillari to‘g‘risidagi axborotning to‘liq dolzarblashtirilishi vazifasi yuklatilgan.

Mazkur qaror ijrosi yuzasidan 2018 yil 6 noyabrda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri hamda Markaziy saylov komissiyasi raisi tomonidan Yo‘l xaritasi tasdiqlangan bo‘lib, unga muvofiq fuqarolarni uyma-uy yurib o‘rganish orqali, ularning pasport ma’lumotlarini ko‘chmas mulk ob’ektining kadastr raqamiga bog‘lash ishlarini tashkillashtirish bo‘yicha tuman (shahar) hokimliklarida har bir sektorda fuqarolarni uyma-uy yurib o‘rganuvchi ishchi guruhlari tarkibi tuzilgan.

Shuningdek, mahallalarda uyma-uy yurib o‘rganish ishlarini tashkil etish yuzasidan tuzilgan guruhlar tarkibiga har bir mahalla bo‘yicha hududiy profilaktika inspektorlari kiritilgan.

Shunga ko‘ra, profilaktika inspektorlari xizmat hududlari bo‘yicha fuqarolarni uyma-uy yurib o‘rganish ishlariga jalb etilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 18 apreldagi Ichki ishlar organlarining huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘linmalari faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida gi PQ-2896-sonli Qarori 2-ilovasiga bilan tasdiqlangan Ichki ishlar organlari tayanch punktlari to‘g‘risida Nizom da profilaktika inspektorlari oilaviy-maishiy nizolar masalalarini hal etishda fuqarolar yig‘inlari bilan hamkorlik qilishi belgilangan.Shu sababli profilaktika inspektorlari oilaviy-maishiy nizolar masalalarini hal etishda fuqarolar yig‘inlari bilan yaqindan hamkorlik qiladi.

Maqolada Mashina berilmadi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashining 2019 yil 10 yanvardagi kengaytirilgan yig‘ilish bayoniga muvofiq, uchastka nozirlariga avtomashina berilishi kerak edi. IIV polkovnigining aytishicha, amalda bu avtomashinani bozordan sotib olgan osonroq bo‘lmoqda:

- Hech qanaqa avtomobil berilgani yo‘q. Kreditga olishingiz mumkin deyishdi. Uyam imtiyozli kredit emas. El qatori olinadigan kredit deydi, suhbatdosh , - deb ko‘rsatilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashining 2019 yil 10 yanvar kuni o‘tkazilgan kengaytirilgan yig‘ilishi bayonida, profilaktika inspektorlariga avtomashina berishi to‘g‘risida biron bir holatlar qayd etilmagan.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 3 avgustdagi Ichki ishlar organlari tayanch punktlari profilaktika inspektorlari moddiy jihatdan ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida gi 577-sonli Qaroriga muvofiq, profilaktika inspektorlariga imtiyozli kredit asosida 10 yil muddatga avtomashinalar berilishi nazarda tutilgan.

Shunga ko‘ra, bugungi kunda 7 mingdan ortiq (7024 nafar) profilaktika inspektorlari imtiyozli kredit asosida avtomashinalar bilan ta’minlangan. Imtiyozli kredit olish tartibi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

Kiritildi: 15:39 12.03.2019. O'qildi: 5063 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!