Bugun 12 fevral, 2026 yil, payshanba

КИР

Shavkat Mirziyoyev kreativ iqtisodiyotni rivojlantirish, madaniyat muassasalari infratuzilmasini yaxshilash hamda yangi kreativ maydonlarni tashkil etish yuzasidan taqdimot bilan tanishdi

Shavkat Mirziyoyev kreativ iqtisodiyotni rivojlantirish, madaniyat muassasalari infratuzilmasini yaxshilash hamda yangi kreativ maydonlarni tashkil etish yuzasidan taqdimot bilan tanishdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev kreativ iqtisodiyotni rivojlantirish, madaniyat muassasalari infratuzilmasini yaxshilash hamda yangi kreativ maydonlarni tashkil etish yuzasidan taqdimot bilan tanishdi.

Bugungi kunda kreativ iqtisodiyot ko‘plab davlatlarda iqtisodiy o‘sishning asosiy drayverlaridan biriga aylanmoqda. Jahon yalpi ichki mahsulotining 3-7 foizi ushbu soha hissasiga to‘g‘ri keladi. Mamlakatimizda 2024 yilda kreativ iqtisodiyotning YAIMdagi ulushi 3,7 foizni yoki 56,8 trillion so‘mni tashkil etgan, eksport hajmi esa 770,6 million dollarga yetgan, sohada 319 ming nafardan ortiq aholi band.

Aholining 60 foizdan ortig‘i yoshlar ekani, raqamli infratuzilmaning jadal rivojlanayotgani hamda madaniy merosimiz boyligi ushbu sohada “katta sakrash” qilish uchun mustahkam zamin yaratayotgani ta’kidlandi.

Shu maqsadda 2024 yilda kreativ iqtisodiyot to‘g‘risida alohida qonun qabul qilinib, sohaning huquqiy asosi yaratilgan edi. Kreativ industriya parki ta’sis etilib, uning rezidentlari uchun maxsus soliq rejimi joriy etildi. Jumladan, daromad solig‘i va ijtimoiy soliq stavkasi 12 foizdan 6 foizga tushirildi. Sohadagi tadbirkorlarga bir qator boshqa imtiyozlar ham berildi.

Mana shu chora-tadbirlar hisobiga 2030 yilga qadar kreativ iqtisodiyotning YAIMdagi ulushini 5 foizga yoki 145 trillion so‘mga yetkazish, eksportni 1 milliard dollarga olib chiqish, sohadagi band aholini 500 ming nafardan oshirish maqsad qilingan.

Taqdimotda Toshkent shahrida joylashadigan Kreativ industriya parkining konsepsiyasi ko‘rib chiqildi. Unda yashil bog‘, art-ob’ektlar, xalqaro dasturlash tarmog‘ining Toshkent maktabi, kitob kafesi, sport maydonlari, ijodiy pavilyonlar, kovorking markazi va ofislar, kino va video ishlab chiqarish maydonlari, ovoz yozish studiyasi, kreativ industriya kampusi hamda yoshlar va ijodkorlar uchun mehmonxona barpo etiladi. Loyiha davlat-xususiy sheriklik asosida amalga oshiriladi.

Shuningdek, Yangi Toshkent hududi va Nukus shahrida kreativ parklar tashkil etilishi rejalashtirilgan.

Yangi Toshkentda kreativ park rezidentlari uchun ijara maydonlari, studiyalar, media va anjuman zallari, tijorat va xizmat ko‘rsatish ob’ektlari joylashtirilsa, Nukus shahrining Istiqlol bog‘idagi mavjud pavilyon rekonstruksiya qilinib, ko‘p funksiyali jamoat-madaniyat markaziga aylantiriladi.

Nukusdagi kreativ park loyihasining e’tiborli jihati shundaki, unda O‘zbekistonning “EKSPO-2025”dagi milliy pavilyoni joylashtiriladi va yonida zamonaviy kutubxona barpo etiladi.

Yurtimizdagi madaniyat markazlari faoliyati tanqidiy tahlil qilindi.

Respublikadagi 800 dan ortiq madaniyat markazining yarmidan ko‘pi ta’mirtalab holatda ekani qayd etildi. Aksariyat madaniyat markazlari haligacha eskicha ishlayotgani, asosan bayram tadbirlarini o‘tkazish bilan cheklanib qolgani ko‘rsatib o‘tildi.

Shu bois, madaniyat markazlarini zamonaviy andoza asosida rivojlantirish bo‘yicha pilot loyiha ishlab chiqilgan. Loyiha Toshkent, Qo‘qon, Buxoro va Samarqanddagi 4 ta markazni qamrab olgan bo‘lib, birinchisi Toshkent shahridagi “Gulshan” madaniyat markazi negizida tashkil etilmoqda. Unda “madaniyat – ta’lim – hordiq – muloqot” zanjiri asosida turli yo‘nalishlaridagi klublar, ustaxonalar, studiyalar va to‘garaklar tashkil etiladi.

Taqdimotda Buyuk Britaniya Qirollik jamg‘armasi maktabi tajribasi asosida Toshkent shahrida An’anaviy san’at oliy maktabini tashkil etish rejalari ham ko‘rib chiqildi.

Ushbu oliy maktab kulolchilik va g‘isht terish, manzarali bezak, yog‘och o‘ymakorligi, arxitekturaviy xattotlik, geometrik va biomorf naqsh yo‘nalishlarida bakalavriat va magistratura dasturlarini amalga oshiradi. Ta’lim ingliz tilida olib boriladi, ikki yillik dastur asosida mutaxassislar tayyorlanadi. 2027 yilda 50 nafar mutaxassis tayyorlash, 2031 yilga kelib, yiliga 80 nafar kadr quvvatiga chiqish rejalashtirilgan.

Shuningdek, taqdimotda Milliy restavrasiya institutini tashkil qilish, Samarqand shahridagi Bibixonim masjidini restavrasiya qilish, “Turkiston” yozgi amfiteatrini ta’mirlash loyihalari ko‘rib chiqildi. Loyihalashtirish va restavrasiya ishlarini YUNESKO bilan to‘liq kelishilgan holda bajarish zarurligi qayd etildi.

Davlatimiz rahbari kreativ iqtisodiyotni rivojlantirish nafaqat madaniy, balki iqtisodiy jihatdan strategik muhim ekanini ta’kidlab, belgilangan loyihalarning ijrosini sifatli ta’minlashga ko‘rsatma berdi.

Kiritildi: Bugun 19:30. O'qildi: 258 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!