— Iqtisodiy sudda shartnomani bekor qilish va shartnomani haqiqiy emas deb topish o‘rtasida qanday farq mavjud?
Bibinaz KEUNIMJAYEVA, Toshkent shahar sudining iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudyasi:
— Iqtisodiy sudlar bitimni haqiqiy emas deb topish tushunchasini shartnomani bekor qilishdan farqlashlari lozim. Bitimning haqiqiy emasligining shartnomani bekor qilishdan farqi quyidagilardan iborat:
• bitimlarni haqiqiy emas deb topishga FKning 115-126 moddalarida nazarda tutilgan asoslar bo‘yicha yo‘l qo‘yiladi, shartnomani bekor qilish asoslari esa FKning 382-383-moddalarida nazarda tutilgan;
• bitimning haqiqiy emasligiga uning g‘ayriqonuniyligi, bekor qilinishiga esa shartnomani bekor qilishga olib keladigan holatlarning yuzaga kelishi asos bo‘ladi, bunda uning qonuniyligi nizolashilmaydi;
• haqiqiy bo‘lmagan bitim uning haqiqiy emasligi bilan bog‘liq bo‘lgan oqibatlardan tashqari boshqa yuridik oqibatlarga olib kelmaydi va u tuzilgan paytidan boshlab haqiqiy emasdir, shartnomani bekor qilish esa, u amalda bo‘lgan vaqtdagi o‘zaro huquq va majburiyatlarga ta’sir etmasdan, faqatgina kelgusidagi huquq va majburiyatlarga daxl qiladi.
Shartnomani bekor qilish haqidagi talabni bildirishga shartnoma amal qilishining muddati mobaynida yo‘l qo‘yiladi, bitim esa uning amal qilish muddati tugaganidan keyin ham haqiqiy emas deb topilishi mumkin.