Bugun 30 aprel, 2024 yil, seshanba

КИР

Shahrisabzda direktor o‘rinbosari o‘quvchilarning sochini nega qaychilab tashladi?

Shahrisabzda direktor o‘rinbosari o‘quvchilarning sochini nega qaychilab tashladi?

Daryo ga Shahrisabz shahridagi 7-umumta’lim maktabidan murojaat bo‘ldi. Murojaatda muallif maktab o‘quvchilarining o‘qituvchilar faoliyatidan norozi ekanligini yozish barobarida o‘qituvchilarning 6 10-sinflarda tahsil oluvchi o‘g‘il bolalar sochini qaychilab, ularning ustidan kulganini iddao qiladi.

Ushbu holatni o‘rganish maqsadida jurnalist Otabek Qo‘ldoshev 21 yanvar kuni Shahrisabz shahridagi 7-umumta’lim maktabida bo‘ldi. O‘zini Xurshid Sayfiyev, Abror Mardonov, Huzayfa Rashidov va Ozodbek Daminjonovlar deb tanishtirgan o‘quvchilar haqiqatdan ham ushbu holat bundan to‘rt-besh kun ilgari sodir bo‘lganini tasdiqlab, bu ishni maktab direktorining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Shahboz Islomov qilganini aytishdi.

O‘tgan payshanba kuni (17 yanvar nazarda tutilmoqda) tanaffus paytida o‘qituvchimiz Shahboz Islomov kelib sochimizni kaltalatmaganimiz uchun qaychi bilan kesib tashladi, deydi o‘quvchilar Xurshid, Abror, Huzayfa va Ozodbek. Bu payt maktab rahbariyatidan Yoshlar ittifoqi yetakchisi ham bor edi.

Suhbatdosh o‘quvchilar direktor o‘rinbosari Shahboz Islomov odatda har safar ularni ogohlantirib keyin chora ko‘rishini aytar ekan, bu safar ular hech qanday ogohlantirishsiz sochi kesilganini bildirdi. Bu safar bizni ogohlantirmagandi, deydi 8- B sinf o‘quvchisi Huzayfa Rashidov. O‘qituvchimizga bugunoq sochimni oldiraman dedim. Ammo baribir kesdi .

O‘qituvchimiz ogohlantirishsiz bunday chora qo‘llamasdi, deydi 8-sinf o‘quvchilaridan yana biri Ozodbek Daminjonov. Balki men eshitmay qolgandirman. Ammo nima bo‘lganda ham ayb o‘zimizda. Shuning uchun uydagilar ham e’tiroz bildirishmadi .

Ilgari bunday holat umuman sodir etilmagan, deydi maktab direktori Fayoza Ismatova. To‘g‘ri, tartibni saqlash maqsadida bunday holat haqida o‘quvchilarimizni ogohlantirganmiz. Qizlarga sochini tartibga solib kelishlari lozimligini uqtirganmiz. Ammo soch kesish holati ham hammaning oldida emas, sinfxonada to‘g‘ri tushuntish berilib, sochini oldirsin degan maqsadda ozgina kesilgan bo‘lishi mumkin .

Maktab direktori o‘rinbosari tomonidan ushbu harakat sodir etilganini ta’kidlar ekan, bu o‘quvchilar bilan do‘stona muloqot ekanligini takrorlardi. Shunda maktab direktoriga Barcha o‘quvchilar ko‘z o‘ngida bolaning sochini qaychilash do‘stona harakat hisoblanadimi deya savol berar ekanmiz, harchand urinmaylik aniq javob ololmadik. Mutasaddi gapni aylantirishdan nariga o‘tmadi.

Direktorning ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Shahboz Islomov o‘quvchilar sochini qaychi bilan kesganini tan olib, holatga quyidagicha izoh berdi. O‘quvchini izza qilish maqsadida qilinmagan bu ishlar, shunchaki do‘stona munosabat bo‘lib, sochini oldirsin deb ko‘rinmaydigan joyidan kesganmiz .

Bilinar-bilinmas kesilgan bo‘lsa ham, o‘quvchilar o‘rtasida gap bo‘ladi-da. Eng yomoni shu, deydi Ozodbek Daminjonov.

O‘quvchilar bilan suhbat jarayonida ba’zi bir o‘quvchilarning 17 yanvar kuni dakki eshitib, sochi kesib tashlangan bo‘lsa ham haligacha sochini kaltalatmay yurgan holatiga ham guvoh bo‘ldik.

Shahboz Islomovning ma’lumot berishicha, maktabda tuman IIB xodimlari bilan ham nazorat tadbirlari o‘tkazib turiladi. Odatda sinfxonalarda tartibni saqlash maqsadida reyd lar o‘tkazamiz, deydi direktor o‘rinbosari. O‘sha paytda o‘quvchi yoshlarning xatti-harakatini nazorat qilib, ularda ortiqcha narsalar bo‘lsa olib qo‘yamiz. Masalan, ba’zi o‘g‘il bolalarning cho‘ntagidan sigaret, pichoq, chopqi (tig‘li qurol) chiqqan holatlari ham bo‘lgan. Shu holatlarning odini olish maqsadida doimiy nazorat qilib turamiz .

Maktab psixologi sifatida ushbu xatti-harakatni oqlamayman, albatta, deydi Lola Tosheva. Ammo har safar ogohlantirilishiga qaramasdan gapga quloq solmaydigan bolalar ham bor-da. To‘g‘ri, bu harakat hammaga har xil ta’sir qilishi mumkin .

O‘quvchiga nisbatan bunday harakat qilish juda qo‘pol xato hisoblanadi, deydi Shahrisabz shahar xalq ta’limi bo‘limi uslubchisi Zuhra Zayniddinova. Ushbu maktabga xalq ta’limi tomonidan biriktirilgan vakil sifatida buni qoralayman. Direktorning ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari bu borada nafaqat o‘quvchilarga barchaga o‘rnak bo‘lishi kerak-ku aslida .

Shahar xalq ta’limi bo‘limi mudiri Bahodir Ro‘ziyev suhbatimiz jarayonida diktofondan foydalanishimizga qarshi ekanligini aytib, ma’lumotlarni yozib olishimiz mumkinligini, har qanday vaziyatda ham aytgan gapidan tonmasligini bildirdi. Va ushbu holat bo‘yicha maktab rahbariyatiga albatta chora ko‘rishlarini, bu xususidagi hujjatlarni bizga taqdim etishini aytdi.

22 yanvar kuni bo‘lim mudiri bilan telefon orqali muloqot qilganimizda mudir 7-umumta’lim maktabi direktorining o‘rinbosariga nisbatan hayfsan berilganini aytdi. Biroq XTB vakillari aytilgan muddat o‘tib ketgan bo‘lishiga qaramasdan bu haqdagi hujjatni taqdim qilishmadi.

Jurnalistik kuzatuvlarimiz davomida ushbu maktabning sport zali ham ta’mirtalab ekanligiyu, ta’mirlash ishlari oxiriga yetkazilmay qolib ketganligiga ham guvoh bo‘ldik. Xalq ta’limi bo‘limi taqdim etgan hujjatga ko‘ra, bo‘lim mudiri 2018 yilning 5 dekabr sanasida shaharning sobiq hokimi I.Nusurovga rasmiy xat yozib, maktab sport zalining pol qismi 2016 yil chala ta’mirlanganligi haqida bildirgan va bu o‘quvchilar uchun noqulaylik tug‘dirayotganini aytgan. Hokimdan bu borada amaliy ko‘mak so‘ralgan. Shahar hokimi bu murojaatga qanday munosabat bildirgan bizga qorong‘i. Boisi bu borada hech qanday hujjat yo‘q.

Garchi shahar xalq ta’limi bo‘limi mas’uli ko‘rilgan chora xususida hech qanday hujjat taqdim etmagan bo‘lsa-da, o‘sha kuni o‘zi eshitgan haqiqatdan ko‘z yummaganligiga ishonchimiz komil.

Kiritildi: 14:37 23.01.2019. O'qildi: 3432 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!