Bugun 28 aprel, 2024 yil, yakshanba

КИР

Shahram G‘iyosovning tanqidlariga Bahodir Jalolov va terma katta jamoa murabbiyi Rahmatjon Ro‘zioxunovning javobi

Shahram G‘iyosovning tanqidlariga Bahodir Jalolov va terma katta jamoa murabbiyi Rahmatjon Ro‘zioxunovning javobi

Professional boksda faoliyatini davom ettirayotgan Shahram G‘iyosovning o‘zbek boksi haqidagi fikrlari ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘ldi.

G‘iyosov «Zo‘r TV» telekanalidagi chiqishi vaqtida O‘zbekiston boks terma jamoasi Rio Olimpiadasidagi muvaffaqiyatni qaytara oladimi degan savolga quyidagicha javob qilgandi.

«Bu haqida hech narsa deya olmayman. Lekin bunday avlodning yana kelishi... Bunday avlod, bunaqa natija takrorlanishi qiyin. Bo‘lishi mumkin, biroq hozirda qiyin. Buning uchun ahillik bo‘lishi kerak. O‘sha yilgi ahillik, yigitlar va murabbiylarning bir-biriga bo‘lgan muhabbati. Buni hozirda hech kimda ko‘rmayapman.

Ochig‘ini aytaman, o‘sha vaqtdagi muhabbatni na yigitlarning, na murabbiylarning ko‘zida ko‘rmayapman. Bizda birlik bor edi, hozirda birlik yo‘qolgan», — deydi G‘iyosov.

G‘iyosovning bu gaplariga terma jamoa sardori Bahodir Jalolov va terma katta jamoa murabbiyi Rahmatjon Ro‘zioxunov «Sevimli TV»ga bergan intervyusida munosabat bildirib o‘tgan.

«Men uning bu gaplariga umuman qo‘shilmayman, noo‘rin gaplar aytildi. Balki, bilmay gapirib qo‘ygandir. Ammo jamoada ahillik masalasida gap-so‘z bo‘lishi mumkin emas. Aksincha, avvalgiga qaraganda hozirgi ustozlarimiz ahilroq.

Tokio Olimpiadasida 8 ta vazn toifasida qatnashamiz, agar ikkita oltin medal qo‘lga kiritsak ham avvalgi Olimpiada rekordini takrorlagan bo‘lamiz», — deydi Jalolov.

Ro‘zioxunov ham Shahramning so‘zlarini keskin rad etdi.

«Shahram G‘iyosov o‘zimizning shogird, uni juda hurmat qilamiz, yaxshi ko‘ramiz, muxlislik qilamiz. Ichki muhit qanday ekanini bilish uchun terma jamoa ichida bo‘lish kerak. Terma jamoamiz vakillari bir-biri bilan juda ahil, o‘sha murabbiylar, o‘sha-o‘sha shogirdlarimiz va ularning ukalari.

Hozir u (G‘iyosov) tepada, balki, tepadan unga shunday ko‘rinayotgandir. Biz esa pastroqamiz. Shu sabab ozgina pastga tushib, yonimizda yursa, terma jamoamizdagi holatni ko‘radi. Balki, kamchiliklarimiz bordir. U ham katta yigit bo‘lib qoldi, yonimizga kelib xatolarimizni ko‘rsatib bersa, biz ham shunga yarasha xulosa chiqarar edik», — deydi Ro‘zioxunov.

 

 

Kiritildi: 18:23 30.10.2020. O'qildi: 6089 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!