Ijtimoiy tarmoqlarda bokschi Shahram G‘iyosov ayiq bilan mashg‘ulot o‘tkazgani aks etgan video tarqaldi. Bu holat ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarining e’tirozlariga sabab bo‘lgan.
Ayni damda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi tomonidan holat o‘rganilmoqda. O‘rganish natijalariga ko‘ra batafsil ma’lumot beriladi va huquqbuzarlarga nisbatan qonuniy tartibda chora ko‘riladi.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Yovvoyi hayvonlarni saqlash tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, 2025 yil 1 yanvardan jismoniy shaxslar tomonidan yarim erkin sharoitlarda, sun’iy yaratilgan yashash muhitida yoki tutqunlikda saqlanishi taqiqlangan yovvoyi hayvonlar ro‘yxati tasdiqlangan. Ushbu ro‘yxatga ayiqlarning barcha turi kiritilgan. Ya’ni boshqa hayvonlar qatori ayiqlarni ham davlat va mobil sirklarida (shapitolar) saqlash hamda ulardan sirk tomoshalarini o‘tkazish maqsadlarida foydalanish taqiqlanadi.
Unutmang! Ekologiya vazirligi hayvonlarga nisbatan har qanday shafqatsiz munosabatni qoralaydi va bu kabi holatlar qonunga ko‘ra javobgarlikka sabab bo‘lishini yana bir bor eslatib o‘tadi!