Serbiya prezidenti Aleksandr Vuchich mamlakatda navbatdan tashqari parlament saylovlari joriy yilning oktyabr oyida o‘tkazilishini ma’lum qildi. U bu haqda 20 avgust kuni RTS telekanali efirida gapirdi.
Vuchichning so‘zlariga ko‘ra, ovoz berish 18 yoki 25 oktyabr kuni bo‘lib o‘tadi. Saylovlarning aniq sanasi esa yaqin kunlarda ma’lum qilinishi kutilmoqda.
Shu tariqa, parlament saylovlari dastlab belgilangan muddatdan bir yildan ko‘proq oldin o‘tkaziladi.
Iyun oyi oxirida Vuchich yaqin kelajakda prezidentlik lavozimini muddatidan oldin tark etish rejasi borligini ham aytgan edi. U Serbiyada 12 yildan beri hokimiyat tepasida bo‘lib, prezidentlik vakolatining ikkinchi muddati 2027 yil o‘rtalaridagina yakunlanadi.
Serbiya Konstitusiyasiga muvofiq, bir shaxs mamlakat prezidenti lavozimini ikki muddatdan ortiq egallashi mumkin emas.
Serbiyada bir yarim yildan ortiq vaqtdan beri hukumat va korrupsiyaga qarshi ommaviy namoyishlar davom etmoqda. Norozilik aksiyalariga Novi-Sad shahridagi temiryo‘l vokzali ayvonining qulab tushishi sabab bo‘lgan. Fojia oqibatida 16 kishi halok bo‘lgan.
Reuters ma’lumotiga ko‘ra, talabalar boshchiligidagi namoyishlarga muntazam ravishda o‘n minglab, ayrim hollarda esa yuz minglab odamlar chiqmoqda.
Namoyishchilarning asosiy talablaridan biri aynan muddatidan oldin parlament saylovlarini o‘tkazish edi.
Jamoatchilik fikri so‘rovlarida keltirilgan ma’lumotlarga ko‘ra, Serbiya aholisining qariyb 80 foizi talabalarning korrupsiyaga qarshi talablarini qo‘llab-quvvatlaydi. So‘ralganlarning taxminan 64 foizi esa namoyishlarning o‘zini qo‘llab-quvvatlashini bildirgan.
Kiritildi: 15:32 21.08.2026.
O'qildi: 300 marta.
Fikrlar soni: 0 ta.