Davolanish uchun Hindistonga borib, pandemiya tufayli vatanga qaytolmayotgan o‘zbekistonliklarni olib kelish uchun “Uzbekistan Airways” AJ avikompaniyasi tomonidan Toshkent – Dehli – Toshkent havo yo‘nalishi orqali maxsus (charter) reys tashkil etiladi. Bu haqda Kun.uz’ga parlament yuqori palatasining axborot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, Respublika maxsus komissiyasi tomonidan Senatning Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi va Tashqi ishlar vazirligi Hindistonga davolanish uchun borgan vatandoshlar uchun charter reys tashkil etilishi yuzasidan qilgan murojaati qanoatlantirilgan. O‘zbekiston fuqarolarini vatanga qaytarish chog‘ida ularga kerakli tibbiy xizmatlar ko‘rsatilishi ta’kidlangan.
3 may kuni Kun.uz e’lon qilgan «Ahvolimiz tobora og‘irlashmoqda, pullarimiz tugab bo‘ldi. Hindistonga davolanishga borib, O‘zbekistonga qaytolmayotgan o‘zbeklar» sarlavhali maqola Oliy Majlis Senatida o‘rganib chiqilib, senatorlar Maxsus komissiya va Tashqi ishlar vazirligiga xat jo‘natgan, uning ijrosi yuzasidan 11 maygacha axborot berishni so‘rashgan edi.
Xatda Hindistonga davolanishga borib, O‘zbekistonga qaytolmayotgan vatandoshlarimizning moddiy ahvoli og‘irligi, hozirda mavjud mablag‘lari 5-7 kunga yetishi, ayrimlari esa xayriya aksiyalarida homiylardan yig‘ilgan pul mablag‘lari evaziga ketishgani, Hindistonda qolayotgan o‘zbekistonliklarning aksariyati elchixonada maxsus charter reys orqali vatanga qaytish uchun ro‘yxatdan o‘tishgani ta’kidlangandi.
Senat maxsus komissiya va TIVdan maqolada keltirilgan barcha vajlarni o‘rganib, muhtojlarga moddiy yordam ko‘rsatilishi va ularning charter reyslar orqali O‘zbekistonga qaytarilishi bo‘yicha ko‘rsatmalar berishni hamda qilingan ishlar to‘g‘risida 11 maygacha Senatga ma’lum qilishni so‘ragan edi.
Kun.uz manbasining xabar berishicha, 8 may kuni charter reys orqali Sharja shahridan pandemiya tufayli Birlashgan Arab Amirliklarida qolib ketgan o‘zbekistonliklar olib kelingan. Shuningdek, 9 may kuni Minsk shahridan Belarus Respublikasidagi O‘zbekiston fuqarolari maxsus reys bilan olib kelinishi rejalashtirilgan.
Eslatib o‘tamiz, koronavirusga qarshi kurash doirasida O‘zbekiston 16 mart kunidan e’tiboran jahonning barcha mamlakatlari bilan avia va avtomobil qatnovlarini to‘xtatgan edi.