Bugun 26 yanvar, 2026 yil, dushanba

КИР

“Sea Breeze Uzbekistan” loyihasi bo‘yicha atrof-muhit masalalari muhokama qilindi

“Sea Breeze Uzbekistan” loyihasi bo‘yicha atrof-muhit masalalari muhokama qilindi

23 yanvar kuni Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumani hokimiyati binosida Chorvoq suv ombori sohilida barpo etilishi rejalashtirilayotgan xalqaro turistik markaz “Sea Breeze Uzbekistan” loyihasi bo‘yicha jamoatchilik eshituvlari bo‘lib o‘tdi.

Tadbir loyiha doirasida atrof-muhitga ta’sirni baholash jarayonining muhim bosqichi sifatida tashkil etildi. Asosiy maqsad loyihaning ekologik jihatlarini mahalliy aholi, ommaviy axborot vositalari, ekofaollar, ekspertlar hamda davlat idoralari ishtirokida ochiq muhokama qilishdan iborat bo‘ldi.

Ma’lum qilinishicha, “Sea Breeze Uzbekistan” loyihasi konsepsiyasi atrof-muhitga salbiy ta’sirning oldini olish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish hamda zamonaviy muhandislik yechimlarini joriy etish tamoyillariga asoslangan. Loyihada Chorvoq suv omboriga tozalanmagan oqova suvlarni chiqarishga yo‘l qo‘ymaslik, markazlashgan kanalizasiya tizimini barpo etish, loyihani bosqichma-bosqich amalga oshirish hamda doimiy ekologik monitoring orqali ekotizimga tushadigan yuklamani kamaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratilgan.

Shuningdek, loyiha milliy ekologik qonunchilik va xalqaro ekologik standartlarga to‘liq muvofiq holda amalga oshirilishi ta’kidlandi.

Loyihaga tayyorgarlik jarayonida oqova suvlarni chiqarish va tozalash bo‘yicha kompleks tizimni shakllantirish ishlari allaqachon boshlangan. Bu jarayonda Chirchiq tumani hududidagi mavjud infratuzilma imkoniyatlari ham inobatga olinmoqda. Mutaxassislar ushbu ishlar butun mintaqa ekologik xavfsizligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etishini qayd etdilar.

Jamoatchilik eshituvlarida Bo‘stonliq tumani aholisi, ommaviy axborot vositalari vakillari, ekologlar, mustaqil xalqaro jamoat tashkilotlari va ekspertlar, Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi, mahalliy hokimliklar, tegishli vazirlik va idoralar hamda O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi vakillari ishtirok etdi. Bosh prokuratura Vazirlar Mahkamasining 2025 yil 1 avgustdagi 490-son qaroriga muvofiq, ekologik va huquqiy talablarga rioya etilishini nazorat qilishi ma’lum qilindi.

Tadbir avvalida “Sea Breeze Uzbekistan” kompaniyasi bosh direktori Sardor Hamidov loyiha taqdimoti bilan chiqish qildi. U kurort konsepsiyasi, ekologik xavfsizlik choralari hamda loyihaning hudud ijtimoiy-iqtisodiy rivojiga qo‘shadigan hissasi haqida ma’lumot berdi.

Uning ta’kidlashicha, turizmning tabiat bilan uyg‘un holda rivojlanishi loyihaning asosiy yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Loyiha ekologik xavfsizlik, zamonaviy tozalash texnologiyalari va aholi bilan ochiq muloqotga tayanadi.

Tadbir yakunida jamoatchilik eshituvlari ekologik jarayonning ajralmas qismi ekani qayd etildi. Barcha bildirilgan taklif, savol va e’tirozlar rasmiy tarzda qayd qilinib, loyihani amalga oshirish jarayonida inobatga olinishi ma’lum qilindi.

Ma’lum qilinishicha, “Sea Breeze Uzbekistan” loyihasi 2025–2035 yillar davomida Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanida amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Loyiha ekologik barqarorlik va xavfsizlik tamoyillariga asoslangan, to‘rt fasl davomida faoliyat yurituvchi zamonaviy turistik markazni yaratishni nazarda tutadi.

Kiritildi: Bugun 11:02. O'qildi: 201 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!