Bugun 31 oktyabr, 2024 yil, payshanba

КИР

Saylov mojarosi: Rossiya yana “maxsus operasiya” o‘tkazdimi?

Saylov mojarosi: Rossiya yana “maxsus operasiya” o‘tkazdimi?

Gruziyada 26 oktyabrda bo‘lib o‘tgan saylovlar siyosiy inqirozga sabab bo‘ldi. Ovoz berish natijalarini hech bir muxolifat partiya tan olmadi. Mahalliy kuzatuv missiyalari esa keng ko‘lamli va ommaviy qoidabuzarliklardan dalolat bermoqda. Gruziya prezidenti saylovlarni noqonuniy deb e’lon qildi va ularning o‘tkazilishini “Rossiya maxsus operasiyasi” deb atadi.

Markaziy saylov komissiyasi raisi Georgiy Kalandarishvilining ma’lum qilishicha, hukmron “Gruziya orzusi” partiyasi 54,08 foiz, muxolifat ittifoqi esa 37,58 foiz ovoz to‘plagan. U saylovlar tinch va erkin muhitda o‘tganini qo‘shimcha qilgan.

Natijada “Gruziya orzusi” 150 a’zolik parlamentda 91 o‘ringa ega bo‘ldi – bu hokimiyatni boshqarish uchun yetarli, ammo barcha asosiy muxolifat partiyalariga konstitusiyaviy taqiq qo‘yish uchun zarur bo‘lgan mutlaq ko‘pchilikdan kam.

“Juda ajoyib g‘alabani qo‘lga kiritdik”, deydi bosh vazir Irakliy Kobaxidze o‘z bayonotida muxolifatni “mamlakatning konstitusiyaviy tuzumini zaiflashtirish”da ayblab. AQShning Edison Research tadqiqot kompaniyasi tomonidan avvalroq o‘tkazilgan so‘rovnomaga tayansak natija boshqacha bo‘lishi kerak edi.

Muxolifatdagi partiyalar ovoz berish paytida saylov byulletenlarini qalbakilashtirish va saylovchilarni qo‘rqitish holatlari yuz berganini ta’kidlab, natijalarni “firibgarlik” deb atashdi.

Evropaparast platformada saylovoldi tashviqoti olib borgan muxolifatdagi Birlashgan Milliy Harakat (BMH) rahbari Tina Bokuchavaning aytishicha, saylov natijalari “soxtalashtirilgan”, saylovlar esa “o‘g‘irlangan”.

“Bu Gruziyaning kelajagini o‘g‘irlashga urinishdir”, deydi u va saylov natijalari tan olinmasligini ma’lum qildi.

Liberal “Ahali” partiyasi rahbari Nika Gvaramia esa ovoz berish jarayonini hukumat tomonidan amalga oshirilgan “konstitusiyaviy to‘ntarish” deb atadi.

“Gruziya orzusi” hokimiyatda uzoq qolmaydi”, deydi u.

G‘arbparast prezident Salome Zurabishvilining aytishicha, ayrim saylov uchastkalarida “chuqur tashvishga soluvchi zo‘ravonlik holatlari” yuz bergan.

Kreml rejasi

Gruziya Strategik tahlil markazi tahlilchisi Gela Vasadzening ta’kidlashicha, Kavkaz mamlakati noaniq muddatga siyosiy beqarorlikka tushib qolmoqda va uning Yevropa Ittifoqiga bo‘lgan umidlari xira tortyapti. Vaziyat inqilobiy, ammo muxolifat saflarida xalq noroziligidan siyosiy o‘zgarishlarni amalga oshirishda foydalana oladigan xarizmatik yetakchilar yo‘q.

Joriy yil boshida Gruziyada muxolifat hukumatni demokratik erkinliklarni cheklashga va to‘rt millionlik mamlakatni Rossiya ta’sir doirasiga tortishga urinayotganlikda ayblab, ommaviy namoyishlar o‘tkazilgan edi.

Gruziyaning janubi-sharqidagi Sadaxlo qishlog‘idagi saylov uchastkasida kuzatuvchi maqomidagi shaxs AFP agentligiga “ko‘p miqdordagi saylov byulletenlarining qalbakilashtirilishiga guvoh bo‘lganini va “Gruziya orzusi” foydasiga muvofiqlashtirilgan ko‘p martalik ovoz berish holatlari kuzatilgani”ni aytdi.

Taniqli tadqiqotchi jurnalist Kristo Grozev X ijtimoiy tarmog‘ida shunday yozdi:

“Kremlning ovozlarni soxtalashtirish rejasi amalga oshirilayotganga o‘xshaydi. Yevropa razvedka xizmatlari Rossiya maxfiy xizmatlari Gruziya markaziy saylov idorasiga kirib olganini tasdiqlovchi dalillarni qo‘lga kiritgan”.

2012 yildan beri hokimiyatda bo‘lgan “Gruziya orzusi” dastlab liberal g‘arbparast siyosat yuritgandi. Ammo so‘nggi ikki yil ichida u o‘z yo‘nalishini o‘zgartirdi.

Uning saylovoldi kampaniyasi G‘arb institutlarini nazorat qiluvchi va Gruziyani Rossiya-Ukraina urushiga jalb qilishga urinayotgan “global urush partiyasi” haqidagi fitna nazariyasiga asoslangan.

2008 yilda Rossiyaning bosqinidan aziyat chekkan mamlakatda partiya saylovchilarga faqat “Gruziya orzusi” oldini olishi mumkin bo‘lgan yaqinlashib kelayotgan urush tahdidi haqida qo‘rqinchli hikoyalarni taqdim etdi. Pariyaning fuqarolik jamiyatiga qaratilgan bahsli “chet el agenti” haqidagi qonuni bir necha haftalik ko‘cha namoyishlarini keltirib chiqardi va Kreml uslubidagi noroziliklarni bostirish usullari keskin tanqid qilindi.

Bu harakat Bryusselni Gruziyaning Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lish jarayonini to‘xtatib qo‘yishga undadi, Vashington esa o‘nlab gruzin amaldorlariga qarshi sanksiyalar kiritdi.

Xalqaro munosabat

G‘arb rahbarlari, ayniqsa AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken va Yevropa kengashi raisi Sharl Mishel Gruziyadagi vaziyatdan jiddiy tashvishda ekanliklarini bildirishdi.

Rossiya esa saylov mojarolariga mudofaa nuqtai nazaridan yondashdi. Rossiya Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Mariya Zaxarova Salome Zurabishvilining Moskva saylov manipulyasiyasida ishtirok etgani haqidagi ayblovlarini rad etib, G‘arbning aralashuvi faqat mintaqani beqarorlashtirganini ta’kidladi. U Bryusselning “Gruziya orzusi” partiyasiga nisbatan tanqidi Yevropaning ichki siyosiy muammolarini hisobga olgan holda ikkiyuzlamachilik ekanini aytdi.

“Evropa Ittifoqi o‘zining davom etayotgan iqtisodiy va ijtimoiy muammolari, ayniqsa Qo‘shma Shtatlarga qaramligini hisobga olgan holda, o‘z kelajagi haqida qayg‘ursin”, degan Zaxarova.

Bundan tashqari, Yevropa Xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YXHT) ham dastlabki kuzatuvlarini e’lon qildi. Unda “Gruziya orzusi” a’zolari saylovchilarga noo‘rin bosim o‘tkazgani, oqibatda muxolifat nomzodlari uchun “teng bo‘lmagan raqobat sharoiti” yuzaga kelgani ta’kidlangan. YXHT demokratiya ta’minlanishi uchun mahalliy hokimiyat organlari aytilayotgan qoidabuzarliklarni har tomonlama o‘rganib chiqishi zarurligini uqtirdi.

Geosiyosiy ssenariy

Gruziyaning strategik joylashuvi uning Janubiy Kavkazdagi geosiyosiy ahamiyatini ta’kidlaydi. Bu mintaqa Yevrosiyo energiya tranziti va iqtisodiy integrasiyasi uchun muhim bo‘g‘in hisoblanadi.

Bosh vazir Irakli Kobaxidze boshchiligidagi hukmron “Gruziya orzusi” partiyasi G‘arb bilan aloqalarni rivojlantirish va Moskva bilan keskin, ammo muqarrar munosabatlarni boshqarish o‘rtasidagi murakkab muvozanatni saqlab kelmoqda.

Tbilisining G‘arb bilan munosabatlari rasman hamkorlik asosida davom etyapti. Bidzina Ivanishvili partiyasi Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lish standartlariga muvofiq ishlash niyatini takrorlamoqda. Biroq, Bryussel va Vashingtonning yaqinda “Gruziya orzusi” rahbariyatidagi demokratik orqaga qaytish va Rossiyaga moyillik tendensiyalari haqidagi tanqidlari bu munosabatlarni keskinlashtirdi.

Evropa Ittifoqi yaqinda Gruziyaning a’zolikka nomzodligini to‘xtatib qo‘ydi. Bunga sabab qilib erkinliklarni cheklovchi va Tbilisini Kreml siyosatiga moslashtiradigan qonunchilik harakatlari ko‘rsatildi. Sharl Mishel kabi Yevropa Ittifoqining yuqori martabali amaldorlari Tbilisini boshqaruv muammolari va saylovlardagi qoidabuzarliklarni bartaraf etib, Bryusselning demokratik talablariga moslashishga chaqirmoqda. Qo‘shma Shtatlar ham xuddi shunday xavotirlarini bildiryapti.

Rossiyaning Ukrainaga bosqinidan beri geosiyosiy manzara yanada o‘zgardi, bu esa Tbilisining diplomatik muammolarini kuchaytirdi. Tarixan Gruziya Moskva bilan hududiy nizolarga duch kelgan, Moskva haliyam Abxaziya va Janubiy Osetiyaning mustaqilligini qo‘llab-quvvatlashda davom etmoqda.

“Gruziya orzusi” partiyasi Rossiyaning Ukrainadagi harakatlarini ehtiyotkorlik bilan qoralagan bo‘lsa-da, Moskvani dushmanga aylantirmaslik uchun sanksiyalar qo‘llamadi. Bu nozik pozisiya Tbilisining savdo hamkori sifatida Rossiyaga bog‘liqligini aks ettiradi, chunki Gruziyaning energetika va qishloq xo‘jaligi eksportining katta qismi Rossiya bozorlari bilan tutashgan.

Ushbu keng doirada, Gruziya orzusi partiyasi iqtisodiy va siyosiy barqarorlikni saqlab qolish uchun G‘arb va Rossiya manfaatlariga muvozanatli yondashuv talab qilinishini ta’kidlamoqda. Hukumat o‘zining saylovdagi g‘alabasini “tinchlik va taraqqiyot” uchun mandat sifatida himoya qildi, ammo davom etayotgan fuqarolik tartibsizliklari va chet el tanqidlari bu rejani murakkablashtirishi mumkin.

Xulosa

Bahsli saylov natijalarini hisobga olgan holda, Gruziyadagi vaziyat bir nechta yo‘nalishda rivojlanishi mumkin:

1. Ichki tartibsizliklar va siyosiy inqiroz: noroziliklar, davom etadigan bo‘lsa, Ukraina va Armanistonda kuzatilgan tartibsizliklarga o‘xshab, milliy barqarorlik va boshqaruv uchun potensial oqibatlarga olib keladigan kengroq to‘qnashuvlarga aylanishi mumkin.

2. Siyosiy barqarorlik va xilma-xil tashqi siyosat: “Gruziya orzusi” partiyasi o‘z mavqeini mustahkamlashi, G‘arb integrasiyasi va Rossiya bilan muhim iqtisodiy aloqalar o‘rtasidagi muvozanatni saqlash uchun o‘z vakolatlaridan foydalanishi mumkin. Bu ssenariyda Tbilisi Bryussel, Vashington va Moskva bilan munosabatlarini ehtiyotkorlik bilan boshqarib, ikki tomonlama yondashuv strategiyasini qabul qiladi.

3. Bryussel va Tbilisi o‘rtasidagi qarama-qarshilik: Yevropa Ittifoqining qat’iy javobi, ehtimol, to‘xtab qolgan nomzodlik muzokaralariga ishora qilib, Tbilisini o‘z siyosatini qayta ko‘rib chiqishga undashi mumkin.

Kiritildi: 20:24 30.10.2024. O'qildi: 761 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!