AQSh va Xitoy bir-birlarining tovarlariga bojlarni vaqtincha kamaytirishga kelishib oldi. Dushanba kuni Jenevada o‘tgan hafta oxirida yakunlangan muzokaralar yakunlari bo‘yicha tomonlarning qo‘shma bayonoti e’lon qilindi.
Kelishuvga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar 14-maygacha boj to‘lovlarini 145 foizdan 30 foizga, Xitoy esa 125 foizdan 10 foizga tushiradi. Bayonotda tomonlarning iqtisodiy va savdo masalalari bo‘yicha muhokamalarni davom ettirish mexanizmini yaratishi qayd etilgan.
“Biz yanada muvozanatli savdoga erishmoqchimiz va menimcha, ikkala tomon ham bu maqsadga erishishga intiladi”, — dedi AQSh moliya vaziri Skott Bessent. Aprel oyida u dunyoning ikki yirik iqtisodiyoti tomonidan samarali taqiqlovchi tariflarni joriy etishi global savdoga tahdid solayotganini ta’kidlab, vaziyatni barqaror emas deb atadi.
“Har ikki tomon ham [savdo munosabatlarining] buzilishini istamaydi”, dedi u.
Yakshanba kuni Oq uy "savdo kelishuvi" haqida e’lon qildi, biroq muzokaralarda ishtirok etgan delegasiyalar vakillari faqat "sezilarli taraqqiyot" haqida gapirishdi. Qayd etilishicha, bir qator parametrlar bo‘yicha kelishmovchiliklar saqlanib qolmoqda va yakuniy kelishuvga erishish uchun qancha vaqt ketishi hozircha aniq emas.
2018-yilda, Donald Trampning birinchi muddatida tomonlar savdo ziddiyatini to‘xtatishga harakat qilishgan. Keyin, muzokaralarning navbatdagi bosqichidan so‘ng, AQSh yangi bojlar kiritish orqali kelishuvni buzdi. Muzokaralar 2020 yil yanvar oyida "birinchi bosqich" deb nomlangan savdo bitimi imzolanmaguncha bir yarim yildan ortiq davom etdi.
Yangi deeskalasiya e’loni moliyaviy bozorlarda ijobiy reaksiyaga sabab bo‘ldi. Gonkongning Hang Seng indeksi va Xitoy kompaniyalari indeksi 3,6 foizga o‘sdi. Materik Xitoyda CSI 300 indeksi 1,2 foizga o‘sdi va Tramp 2 aprelda yangi tariflarni e’lon qilganidan keyin yo‘qotishlarni to‘liq bartaraf etdi.
S&P 500 fyucherslari 2,8 foizga, dollar indeksi esa 0,7 foizga oshdi. Oltin 2,3 foizga tushdi.
Tramp 2025 yilning birinchi choragida Xitoy tovarlariga bojlarni atigi 20 foizga oshirgan bo‘lsa-da, mojaroning asosiy bosqichi aprel oyida sodir bo‘ldi. Bu allaqachon savdo statistikasida aks ettirilgan. Birinchi chorakda Xitoydan import 102,7 milliard dollarni tashkil etdi, bu ikki yil ichida eng past ko‘rsatkichdir. Xitoy tovarlarining AQSh importining umumiy hajmidagi ulushi 11 foizga qisqardi, bu 20 yildan ortiq vaqtdagi eng past darajadir. 2024-yilda bu ulush 13-14 foizni tashkil etgan bo‘lsa, yetti yil avval eng yuqori cho‘qqisida u 22 foizdan oshdi.