Bugun 29 mart, 2024 yil, juma

КИР

Saudiya Arabistoniga yutqazdik: Abramovning asosiy xatosi nimada?

Saudiya Arabistoniga yutqazdik: Abramovning asosiy xatosi nimada?

2022 yilgi jahon chempionatiga saralash o‘yinlarida o‘z uyimizda Saudiya Arabistoni terma jamoasiga yutqazdik.

JCH-2022 saralash. Osiyo, 2-bosqich. "D" guruhi, 5-tur

O‘ZBEKISTON - SAUDIYa ARABISTONI - 2:3 (1:1)

Gollar: Eldor Shomurodov (16), Otabek Shukurov (56-penalti) — Salmon al-Faraj (22-penalti, 86), Salim ad-Dovsariy (89)

Ogohlantirishlar: Salim ad-Dovsariy (73), Abdulaziz al-Beshiy (77)

O‘zbekiston: 1.Eldorbek Suyunov - 3.Hojiakbar Alijonov, 9.Odil Ahmedov, 5.Rustam Ashurmatov, 4.Farruh Sayfiyev - 8.Ikrom Aliboyev, 7.Otabek Shukurov, 13.Sanjar Qodirqulov - 10.Jaloliddin Masharipov (Odil Hamrobekov 82), 17.Dostonbek Hamdamov (Igor Sergeev 90), 14.Eldor Shomurodov.

Saudiya Arabistoni: 21. Al-Ovays, 4.As-Sahafiy, 5.Al-Xabroniy, 6.Al-Breyk, 7.Al-Faraj, 8.Ash-Shehriy (Navof al-Obid 72), 11.Bahebriy (Abdulaziz al-Beshiy 62), 13.Ash-Shahroniy, 14.Otayf, 17.Al-Birakan, 18.Ad-Dosariy

Hakamlar: Ryuji Sato, Xiroshi Yamauchi, Jun Mixara, Yudai Yamamoto (barchasi Yaponiya)

Nazoratchi: Omar Musa Halaf Abu Lum (Iordaniya)

Komissar: Mohd Sayfiddin Abu Bakar (Malayziya)

Avvalo, stadionning holatiga e’tirozim bor. «Paxtakor» stadioni bugungi o‘yinni o‘tkazadigan holatda emasdi. Yo‘q, buni mag‘lubiyat uchun bahona qilib ko‘rsatayotganim yo‘q, rasmiy o‘yinlar o‘tkaziladigan stadionning holati bundan ancha yaxshi bo‘lishi kerak edi, har holda bu o‘zbek futbolining obro‘si.

Bugungi o‘yinda Abramov yutqazdi. Murabbiy sifatida raqibiga imkoniyatni boy berdi. Negaki raqib murabbiysi terma jamoamizni yaxshigina o‘rgangani bilindi. Biz qanotlardan ikkinchi qavat orqali jarima maydoniga to‘p uzatilishi va hujumchilarimizning, xususan, Eldorning bosh bilan zarba berishiga tayanib qolgandik. Arablar murabbiysi esa aynan ana shu taktikaga qarshi qurol qo‘lladi: bo‘ydor himoyachilar havodan uzatilgan to‘plarni bartaraf etishdi.

Abramov esa raqibni yetarlicha o‘rganmagani sezildi. Bu uning asosiy xatosi bo‘ldi. Chunki Saudiya Arabistoni termasi safida bo‘ydor himoyachilar borligini bilib, buni inobatga olib, boshqacharoq taktika qo‘llashi lozim edi.

Vadim Karleonovichning tarkib borasidagi tanlovi ham xato bo‘ldi. Odil Ahmedov Saudiya Arabistonidek tezkor jamoaga qarshi himoyada o‘ynaydigan futbolchi emas. Ayb Odilda emas, uning hozirgi jismoniy holati o‘zidan ancha yosh futbolchilarni tezlik borasida ortda qoldirish imkoniyatini bermaydi. Himoyada esa muhimi tezkorlik. Abramov ana shu jihatni negadir unutdi, Odilning tajribasiga ishonib, himoyaga qo‘ydi, yangilik yaratishga urindi, ammo bu tanlovi xato ekanligi ma’lum bo‘ldi.

O‘yinda mag‘lubiyatni ta’minlagan yana bir jihat — futbolchilarimizning toliqib qolgani va bu futbolchilarning vaqtida almashtirilmagani. Uchinchi golda charchoq tufayli to‘pga yeta olmagan Otabek Shukurov yakunda ham burchak zarbasini tepa olmadi. Abramov esa ana shu charchog‘i sezilib qolgan futbolchilarni almashtirishi kerak edi vaqtida. Raqib murabbiysi esa kerakli vaqtda futbolchi almashtirdi va yakunda kerakli natijaga erishdi.

Maydonda menda ijobiy taassurot qoldirgan futbolchilar Hojiakbar Alijonov va Sanjar Qodirqulov bo‘ldi. Eng yomon taassurot qoldirgani esa boshqa bir Alijonov — Ikrom Aliboyev, Rustam Ashurmatov hamda Jaloliddin Masharipov. To‘g‘ri, Masharipov borasidagi fikrimga o‘tgan gal ko‘pchilik e’tiroz bildirgandi, uning driblinggi yaxshi, lekin samarasiz, keraksiz harakatlari bor. Ushbu o‘yinda ham golli yakun topishi mumkin bo‘lgan vaziyatlarning ko‘kka sovurilishiga ma’lum miqdorda «hissa qo‘shdi».

Ikrom Aliboyevning gol bilan yakun topishi mumkin bo‘lgan vaziyatda to‘pni o‘yindan tashqari holatda turgan futbolchiga uzatgani juda noprofessional futbolchining harakati bo‘ldi. Yanayam bilmadim, menga shunday tuyuldiki, futbolchilar Eldor Shomurodovni jarima maydoni ichida to‘p bilan ta’minlashni «istamashmadi». Negaki ba’zan Jaloliddin Masharipov, ba’zan boshqalar kerak vaziyatda Eldorga to‘pni uzatishmadi. Takror aytaman, menga shunday tuyuldi.

Bosh hakamga e’tiroz yo‘q. Ayniqsa, ikkinchi bo‘limda u munosib o‘ynadi.

Uchinchi golda Eldor Suyunovning noto‘g‘ri joy tanlagani ham biroz pand berdi. Ammo vaziyat shu qadar tez yuz berdiki, u nima bo‘lganini ham tushunmay qoldi.

Men Abramovning nega o‘z vaqtida o‘zgarishlarni amalga oshirmaganini tushunmadim. Yo‘q, tushungandek bo‘ldim, u qo‘shimcha daqiqalarda futbolchilarni almashtirib, vaqtdan yutmoqchi bo‘ldi, chunki biz oldinda edik va voqealar rivoji shunga qarab ketayotgan edi. Ammo aynan o‘sha reja pand berdi, yakunda charchoq, pala-partishlik hamma narsani hal qildi.

Menga biroz taskin beradigan narsa — o‘yinning yaxshiligi, har holda Kuper davridagi termaning o‘yinidan yaxshiligi. Ishqilib, keyingi o‘yinlarda Abramov xatolarni to‘g‘rilab, o‘zidagi kamchiliklar ustida ham ishlasin.

Aytgancha, Abramov ko‘rsatishni istamagan sirli taktika Saudiya Arabistoniga qarshi o‘yinda ham sezilmadi. Yoki u sirli taktika emas (agar maydonda qo‘llangan bo‘lsa), chunki biz hech qanday yangi uslub ko‘rmadik, yoki futbolchilar topshiriqni ko‘ngildagidek bajara olishmagan.

Vadim Abramovga ishonishda davom etamizmi? Ha, albatta!

Nizomjon ISLOMOV

Manba: stadion.uz

Kiritildi: 20:45 14.11.2019. O'qildi: 4211 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!