The New York Times nashrning yozishicha, qirollik o‘z shifoxona, kema, aeroportlar va neft ob’ektlariga bir necha hafta davom etgan hujumlardan so‘ng shunday qarorga kelgan. Bu AQShning Eron va uning ittifoqchisi bo‘lmish husiylarga qarshi urushida yangi front ochishi mumkin.
Ismini oshkor etishni xohlamagan Saudiya rasmiysi Ar-Riyod tinchlikni afzal ko‘rishini, ammo urushga ham tayyorligini va har qanday vosita bilan o‘zini himoya qilishini bildirdi. Uning aytishicha, gar husiylar hujumlarni davom ettirsa, qirollik Yaman hukumati va husiylarga qarshi koalisiyani qo‘llab-quvvatlash uchun havo zarbalari berishga tayyor bo‘ladi.
Tahlilchilar Saudiya Arabistoni guruhni zaiflashtirishga va uni o‘ziga maqbul shartlarda muzokara o‘tkazishga majbur qilishga urinishi mumkinligini aytmoqda. Biroq tomonlar o‘rtasida yillar davomida saqlanib kelgan muloqot kanallari uzilgan.
Husiylar esa o‘z hujumlarini “oldini oluvchi chora” deb izohlamoqda. Ular Saudiya Arabistoni va Yaman hukumatlarini quruqlikdagi hujumga tayyorgarlik ko‘rishda ayblamoqda. Husiylar vakili Muhammad al-Buxaytiy guruh Saudiya bilan amalda urush holatida ekanini aytdi. U keng ko‘lamli nizo kelib chiqsa, qirollikdagi barcha neft va muhim infratuzilma ob’ektlarni yo‘q qilishga va’da berdi.
Shu bilan birga, NYT Saudiya Arabistonida urushdan qochish uchun sabablar yetarli ekanini qayd etmoqda. Yangi nizo mamlakat moliyasi hamda mudofaa zaxiralarini tugatishi mumkin. Shuningdek, valiahd shahzodaning qirollikni biznes va turizm markaziga aylantirish rejalariga xavf soladi. Biroq husiylar muzokaraga tayyor emas va Eron manfaatlaridan kelib chiqib harakat qilmoqda.
Kiritildi: 15:58 28.08.2026.
O'qildi: 723 marta.
Fikrlar soni: 0 ta.