Denov tumanining Gulobod mahallasilik Xadicha Bo‘ronova Sariosiyo tumanida yashovchi sobiq turmush o‘rtog‘i bilan oilaviy kelishmovchilik tufayli ota uyiga qaytib keladi. Ikki nafar voyaga yetmagan farzand onasiga fuqarolik ishlari bo‘yicha Sariosiyo tumanlararo sudining 2024 yildagi ijro hujjati bilan aliment undirish belgilangan. X.Bo‘ranova jigargo‘shalarining yashash sharoitini yaxshilash uchun sobiq turmush o‘rtog‘i bilan o‘zaro kelishib, 50 million so‘m aliment pulini bir yo‘la oldindan oldi va alimentdan voz kechdi.
– Fuqarolik ishlari bo‘yicha Sariosiyo tumanlararo sudining 2021 yildagi aliment undirish to‘g‘risidagi ijro hujjati ham muddatidan oldin yakunlandi, – deydi MIB Sariosiyo tuman bo‘limi davlat ijrochisi Furqat Ubaydullayev. – Aliment to‘lovchi ota Nodir Jangirov turmush o‘rtog‘i bilan o‘zaro kelishgan holda farzandining moddiy ta’minoti uchun 80 million so‘m aliment to‘lovini naqd pulda to‘lab berdi. Aliment undirish haqidagi ijro hujjati undiruvchining arizasiga asosan ish yurituvdan tamomlanib, undiruvchiga qaytarib berildi. Biroq, aliment puli ota-ona o‘rnini bosa olmaydi. Shu bois ham aliment to‘lovchi ota-onalardan arzimagan kelishmovchiliklar sababli jigargo‘shalaridan ajralib ketmasdan oilasini qayta tiklash choralarini ko‘rishni tavsiya etamiz.