Samarqanddagi maxsus maktab tarbiyalanuvchilarining ota-onalari tarbiyachi va rahbariyat tizimli ravishda bolalarni kaltaklab, ruhiy bosim o‘tkazgani haqida ma’lum qildi.
Samarqanddagi alohida saqlash sharoitlari, tarbiya va ta’limga muhtoj o‘g‘il bolalar uchun mo‘ljallangan 64-ixtisoslashgan maktab tarbiyachilari va rahbarlari tarbiyalanuvchilarni kaltaklab kelmoqda. Bu haqda jabrlanuvchilardan biri Muhabbat Mirzayeva «Gazeta.uz"ga ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, maktab xodimlari, direktor va uning o‘rinbosari tizimli ravishda bolalarni kaltaklab, jismoniy va ruhiy bosim o‘tkazib, dars va mashg‘ulotlar o‘tkazmasdan, bolalarni og‘ir jismoniy mehnatga jalb qilmoqda, yomon ovqatlantirib, tez-tez ularni och qoldirmoqda.
O‘zbekistonda yagona bo‘lgan ushbu ixtisoslashgan maktabda og‘ir xulq-atvorga ega, uzoq muddat hisobda turgan, xavfli xatti-harakatlarni sodir etgan, biroq jinoiy javobgarlikka tortish yoshiga yetmagan 11−16 yoshdagi voyaga yetmagan bolalar joylashtiriladi. Bu yerga individual profilaktik ishlar olib borilganiga qaramasdan huquqbuzarlik yoki boshqa g‘ayriijtimoiy harakatlarni sodir etishda davom etuvchi bolalar ham keltiriladi.
Muhabbat Mirzayevaning ma’lum qilishicha, uning farzandi Elmurod (2006 y. t.) Toshkentning Sergeli tumanidagi 237-maktabdan Samarqanddagi maxsus maktabga tez-tez dars qoldirgani, o‘quv jarayonlari vaqtida o‘qituvchilarga halal bergani, sinfdoshlari bilan janjallashgani va urishgani uchun keltirilgan.
30 mart kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Sergeli tuman sudi o‘smir bolalar uchun 64-maxsus maktabga yuborish to‘g‘risida qaror qabul qiladi. Sud qarorida Elmurod to‘rt yil davomida yettita turli maktabda o‘qigani, o‘ta tajovuzkor bo‘lgani, uning ustidan ko‘p bora shikoyat va arizalar tushgani qayd etiladi.
Aprelda maktab-internatga o‘tkazilganidan so‘ng, bola, direktor Shuhrat Sadinov va uning tungi smenada tarbiyachi bo‘lib ishlovchi jiyani Sherzod Ochilov tomonidan kaltaklangan, deya tasdiqlamoqda Muhabbat Mirzayeva.
Onaning e’tirof etishicha, o‘g‘lining xulq-atvori haqiqatdan ham og‘ir, ammo kuch ishlatish yo‘li bilan tarbiyalash noto‘g‘ri, deb hisoblaydi.
«Bolalar sodir bo‘lgan ishlar haqida nimadir deyishga qo‘rqishadi, ularni qo‘rqitishadi. Sherzod Ochilov o‘g‘limni boshqa bola bilan urishgani uchun kaltaklagan. Direktor uning yuzidagi momataloqni ko‘rgan, uni o‘z xonasiga chaqirgan va kim urganini so‘ragan. O‘g‘lim: “Sherzod aka”, — deb javob bergan. Direktor uni urib, savolni takrorlagan. O‘g‘lim hech narsani tushunmasdan yana Sherzod aka, deb javob bergan. Bu Ochilovning o‘zi kirmaguncha davom etgan va: “Seni bolalar urdi, Sherzod aka emas”, — degan», — deya so‘zlab berdi Muhabbat Mirzayeva.

Manba: azon.uz