Bugun 25 aprel, 2024 yil, payshanba

КИР

Samarqandda mudhish jinoyat! Er xotiniga jazmanini chaqirtirib, shafqatsizlarcha o‘ldirdi va hovlisiga ko‘mib yubordi

Samarqandda mudhish jinoyat! Er xotiniga jazmanini chaqirtirib, shafqatsizlarcha o‘ldirdi va hovlisiga ko‘mib yubordi

«DADAMNI TOPIB BERING!»

Kechki ovqatdan so‘ng Nazira (ism-shariflar o‘zgartirilgan) televizor qarshisiga endigina kelib o‘tirganda, kutilmaganda qo‘l telefoni jiringlab qoldi. U telefon tugmachasini bosgandi, narigi tarafdan dabdurustdan qiz bolaning «Dadam uyga kelmayapti, topib bering!» — degan alamli ovozi eshitildi.

Buni eshitib, Hazira hayron qol­di. So‘ng xayolini yig‘ib, «Men dadang­ni qayerdan bilaman?! Kimsan o‘zi?», — dedi achchiqlangan ko‘yi.

— Shu raqamdan dadamga qo‘ng‘iroq bo‘lgan ekan, — dedi haligi qizcha yig‘lamsiragan kuyi.

Qisqasi, qizcha qayta-qayta so‘rayvergach, Nazira undan otasining telefon raqamini so‘radi. Raqamga aniqlik kiritgach, haqikatdan ham, o‘zining qo‘l telefonidan qizchaning otasiga qo‘ng‘iroq qilingani oydinlashdi. Shundan so‘ng u o‘tgan kunlarda telefonidan kimlar foydalanganini eslashga urinadi. Shunda yodiga birdan Shalola keldi.

— Ertaga bozorga boringlar, — dedi Nazira, — dadangga mening telefonimdan qo‘ng‘iroq qilgan ayolni ko‘rsataman.

Shalola bozorda Naziraning yonidagi do‘konda o‘g‘li Mashrab va qizi Mashhura bilan quruq meva sotadi. Yonma-yon savdo qilishgani bois ular bir-birini yaxshi tanishadi.

O‘tgan yilning dekabr oyida Shalola Naziraning oldiga bir necha marta telefonini berib turishni so‘­­rab kelgandi. Har gal u eriga qo‘n­g‘iroq qilmoqchi ekanini aytar, o‘zining sog‘lig‘idan yozg‘irardi.

Shu yilning 8 yanvar kuni Nazira bozorda savdo qilayotganida Shalolaning qoshi yorilganiga ko‘zi tushgandi, «Nima bo‘ldi?» — deb so‘raganida, Shalola o‘zini eshitmaganga olib, in­damay qo‘ya qolgandi.

Ertasi kuni u negadir ko‘rinmagan, do‘­konda bolalari savdo qilgandi.

QALTIS QADAM

Haligi qizcha telefon orqa­li izlayotgan kimsa — Botirali Navoiy viloyatidagi konlarning birida mashinist vazifasida ishlagan. Ishdan bo‘sh payt­da esa, «Damas» rusumli avtomashinasida kirakashlik ham qilgan.

Buyog‘ini so‘rasangiz, Botirali Sha­­lola bilan 2018 yilning may oyida tanishgan. Ko‘p o‘tmay Botirali Shalolani yo‘qlab bozorga keladi. O‘shada ikkalasi uzoq suhbatlashgandi. Suhbat asnosida Shalola eri va ikki nafar farzandi borligi, qo‘shni vi­loyat­da yashashi, Navoiy shahrida ijaraga uy olib, bozorda savdo bilan shug‘ullanishini aytib bergandi.

— Zerikkaningizda qo‘ng‘iroq qi­larsiz, — deya Botirali telefon raqamini qoldirgandi.

O‘shandan buyon oradan ancha vaqt o‘tdi, ammo ikki nabokar xiyonat ko‘chasidan qaytmadi. Hatto Botiralining xotini Sevaraxon ham bu andishasizlikdan xabar topgan, erini bu no­pok yo‘ldan qaytarolmay o‘z yog‘iga qovurilib yurardi.

Bir kuni Botirali uyda telefonini qoldirib, qayergadir chiqqandi. Ay­ni shu pallada Shalola qo‘ng‘iroq qiladi. Telefonni olgan Sevaraxon erini tinch qo‘yishni, oilasini buzmaslikni so‘­rab, Shalolaga qattiq-qurum gapiradi.

O‘shanda Sevaraxon Shalola qo‘ng‘iroq qiladigan telefon raqamini bilib olgan, ammo u bu telefon raqami, guvoh bo‘lganingizdek, Nazira Jonqobilovaga tegishli ekanidan bexabar edi.

Shuning uchun ham haligi qizcha N. Jonqobilovaga qo‘ng‘iroq qilib, otasini topib berishni so‘rayotgandi.

Biz yuqorida 8 yanvar kuni N. Jon­qobilova Shalolani qoshi yorilgan holda ko‘rgani, buning sababini so‘­raganda, tayinli javob ololmagani haqida aytgandik. Aslida o‘shanda shunday vo­qea ro‘y bergandi: Shalola jazmani bi­lan telefonda gaplashayotgan payt eri Nasimjon kelib qoladi… Butkul qo‘r­qib ketgan ayol apil-tapil telefonni o‘chiradi. Am­mo Nasimjon o‘zining telefonidan ha­ligi raqamga qo‘n­g‘iroq qilib, o‘zi­ni tanishtiradi va xotini bilan suhbatni davom ettirishni so‘­raydi.

Shunda Shalola birdan makr-hiyla ishlatadi, «bu odamning uch yuz ming so‘m qarzi bor edi, o‘shani so‘rayotgandim», deya yolg‘on gapiradi. Hatto u erini ishontirish uchun Botiraliga qo‘n­g‘iroq qilib, «Siz uch yuz ellik ming so‘mlik meva-cheva olib, ellik ming so‘mni to‘lagansiz, qolgan uch yuz ming so‘mni qachon berasiz?» — deydi. Am­mo gumroh ayol bu bilan o‘z sirini battar osh­kor qilib qo‘yadi, Nasimjonning ko‘ng­lidagi shub­ha-gumon o‘chog‘iga o‘t qa­laydi.

Makkora ayolning bahonasini Botirali ham tasdiqlaydi, «Oylik olsam, qarzni uzaman», deganicha telefonini o‘chirib qo‘yadi. Nasimjon ayolining aldoviga chidayolmay mushti tugiladi va uning yuziga musht tushiradi…

Xunrezlik

Qisqasi, Nasimjon alam va g‘azabdan o‘zini qo‘yarga joy topolmaydi, u jahl ustida xotinini qishloqdagi hov­­lisiga olib keladi. So‘ng u quturib ketib, xotinining qo‘l-oyog‘ini bog‘lab, o‘sha erkakning ismi va manzilini aytishni so‘rab, ayov­siz kaltaklaydi.

Shalola erini yana aldaydi, avval haligi erkakning ismini «Nurali», keyin esa, «Bekbo‘ta» deydi. Nasimjon tanish-bilishlaridan so‘­rab-surishtirgach, xotini chalg‘itayotganini bilib qoladi. Shundan so‘ng g‘azabdan butkul aql-hushini yo‘qotgan er temir bo‘lagini olovda qizdirib, xotinining tanasiga bosadi…

Shu zaylda oradan chamasi, o‘n kun o‘t­adi. Shalola oxir-oqi­bat mislsiz azob-uqubatlarga chidayolmadi, o‘zi bilan birga xiyonat ko‘chasiga kirgan kimsa Botirali Tillayev ekanini ay­tishga majbur bo‘ladi.

— Endi bunday qilasan, — deydi Nasimjon, — o‘sha erkakni qishloqdagi uyda yolg‘izman, oqshom keling, deb cha­­qirasan. Ikkalang to‘shakda payti uni ushlab olamiz.

Dastlab Shalola erining taklifini rad etadi, ammo azoblarga chidayolmay oxir-oqibat Botiraliga qo‘ng‘iroq qildi. Bi­roq Botirali borolmasligini ayt­adi. Nasimjon do‘q-po‘pisa qilishga o‘t­adi va ayol yana Botiraliga qo‘ng‘iroq qiladi, aldab-avrab, bozor-o‘char qilib yoniga kelishga ko‘ndiradi.

O‘sha kuni, ya’ni 18 yanvar soat o‘n to‘q­qizlarda B. Tillayev Shalolaga yetib kelganini aytib, qo‘ng‘iroq qiladi. Buni eshitib, Nasimjon, o‘g‘li Mashrab va qizi Mashhura uyning boshqa xonalariga yashirinib olishadi.

Qisqasi, hayoti qil ustida turgan Botirali qo‘lida yuk xalta bilan hovliga kirib keladi. Shalola uni ichkariga boshlaydi. Ayol gaz plitasini yoqib tezda ovqat tayyorlaydi, das­turxonga Botirali olib kelgan bir shisha aroqni qo‘­yib, tamaddi qilishadi. Yarim soatlardan so‘ng xonaning chirog‘i o‘chiriladi…

Ko‘p o‘tmay ikki nobakor yot­gan xonaga avval Nasimjon, ortidan Mashrabjon va Mash­hura kirib kelishadi. Oila boshlig‘i Nasimjon elektr chiroqni yoqqanida…

Nasimjon to‘shakda yotgan Botiralining boshiga qo‘lidagi temir bo‘lagi bilan ustma-ust zarba beradi. Bu jarayonni avvaldan kelishuvga ko‘ra, Mash­hura qo‘l telefoni bilan tasvirga oladi. N. Shovqiddinov ojiz ahvoldagi B. Tillayevni qiynash, zo‘rlik ish­latib, jismoniy azob berish va g‘ay­riqonuniy ravishda ozodligini cheklash maqsadida o‘g‘li Mashrabga uning qo‘llarini bog‘lashni buyuradi.

Mashrab arqon bilan Botiralining qo‘llarini bog‘laydi. Ko‘zi qonga to‘l­gan N. Shovqiddinov B. Tillayevni ayovsiz urib-tepkilashga tushadi.

So‘ngra u o‘g‘li Mashrabni Navoiy shah­riga jo‘natib yuboradi, Mash­hu­raga esa, qo‘sh­ni xonaga o‘tib, uxlashni buyuradi.

Shundan so‘ng u xonada o‘zi, xotini va ojiz ahvoldagi B. Tillayev qolgach, g‘a­raz niyatini amalga oshirishga kirishadi. B. Tillayevni temir bo‘lagi bilan kaltaklab, uning azob tortishidan zavqlanadi. U o‘zining jinoiy­ harakatini tungi soat to‘rtga qa­dar davom ettiradi, bu paytda B. Tillayev allaqachon hodisa joyida vafot etgandi.

Ertalab N. Shavqiddinov o‘zining o‘ta og‘ir jinoiy qilmishini yashirish va muqarrar javobgarlikdan qutulish maqsadida xotiniga qon tekkan buyumlar, marhumning kiyimlari, qo‘l telefoni va fuqarolik pasportini yoqib yuborishni buyuradi. So‘ng u o‘g‘­liga qo‘ng‘iroq qilib, qishloqqa kelishini aytadi.

Voqeaning davomi shunday kechadi: Mashrab yetib kelgach, ota uni hovlidan o‘ra kovlashga majburlaydi. O‘ra qa­zib bo‘lingach, B. Tillayevning jasadini ko‘mib yuboradi…

Maqola avvalida biz Botiralining yo‘qolib qolgani, uning qizi otasini izlab, Naziraga qo‘ng‘iroq qilganini ayt­gandik. Endi shu holatga oydinlik kiritadigan bo‘lsak, jinoiy hodisa yuz bergan kunda B. Tillayev o‘zi ishlaydigan korxonaga qa­rashli dam olish maskanida salomatligini tiklayotgandi.

— Sanatoriyda dam olish davomida u uch marotaba yakshanba kunlari uy­­ga kelib ketdi, — deydi tergovda va suddagi ko‘rsatmasida jabrlanuvchi S. Idrisova. — 18 yanvar kuni ertalab soat oltilarda bugun dam olish muddati tugashini, kechga tomon uyga kelishini ayt­gandi. Ammo kech bo‘lib qolganiga qaramay uyga kelavermagach, qo‘ng‘iroq qilsam, hali dam olish maskanidan chiqmaganini aytdi. Ke­yingi qo‘ng‘iroqlarimizga esa, javob bermadi…

Buyog‘ini so‘rasangiz, Botir­ali dam olish muddati tugagan bo‘lsa-da, uyga kaytavermagach, xavotirga tushgan Sevaraxon 19 yanvar kuni sanatoriyga boradi. Unga turmush o‘r­tog‘i bir kun oldin, ya’ni 18 yanvar kuni soat o‘n sakkiz-u o‘ttizlarda chi­qib ketganini aytishadi. Xotini Botirali dam olgan xo­naga kirsa, uning kiyimlari joyida turganini ko‘radi.

Sevaraxon 20 yanvar kuni Karmana tumani ichki ishlar bo‘limiga turmush o‘rtog‘i B. Tillayev bedarak yo‘qolgani haqida ariza bilan murojaat qiladi. Shuningdek, u turmush o‘rtog‘ining Shalola ismli ayol bilan munosabatini aytib, uning oldiga ketgan bo‘lishi mumkinligini bildiradi. Surishtiruv ishlari davomida barchasi oydinlashadi.

Sud hay’ati dastlabki tergov or­gani tomonidan sudlanuvchi N. Shovqidinovning jinoiy harakatlari Jinoyat­ kodeksining 97-moddasi 2-qismi “v”, “j” bandlari, 105-moddasi­ 2-qismi “g”, “m”­ bandlari, 110-moddasi 2-qismi “v” bandi, 112-moddasi 1-qismi, 138-moddasi 2-qismi “a”, “b” bandlari va 227-modda­si 2-qismi “a” bandi bilan­ to‘g‘ri malakalangan deb topdi. Sud sudlanuvchi N. Shov­qiddinovga ayblangan har bir modda bo‘yicha alohida-alohida jazo ta­yin­lab, Jinoyat kodeksining 59, 61-moddalariga asosan ta­yinlangan jazolarni qisman qo‘shish yo‘li bilan uzil-kesil 18 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilishga hukm chiqardi.

Xulosa qilib aytganda, bayon etilgan voqea tafsilotlaridan ko‘rinib turibdiki, ushbu jinoiy qilmish kechirilmas xiyonat, o‘zi, oilasi va farzandlar taq­diriga befarqlik oqibatida kelib chiqdi. Xiyonat va rashk ik­ki oila boshiga og‘ir kulfat soldi. Oi­la boshliqlaridan birining hayoti bevaqt zavol topdi. Ikkinchisi esa, ji­noiy qilmishi uchun muqarrar jazoga mubtalo bo‘ldi, uzoq muddatga ozodlikdan mahrum etildi. Agar ular to‘g‘ri va halol turmush kechirishganda, bu kulfatlarga ro‘baro‘ bo‘lmas edi. Demak, bundan boshqalar ham tegishli xulosa chiqarishi zarur.

Bahodir AHMEDOV,

jinoyat ishlari bo‘yicha

Narpay tumani sudi raisi

Kiritildi: 18:06 23.09.2022. O'qildi: 19731 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!