Samarqand viloyati Nurobod tumanida yashovchi yigit diniy ekstremistik mazmundagi materiallarni tarqatgani uchun sudlandi.
Bu haqda «Zamon» informasion dasturida xabar berildi.
Ta’kidlanishicha, u Telegram`da guruh ochib, internetdan yuklab olingan diniy mazmundagi musiqalarni joylab borgan. Ushbu guruhga qariyb 1,5 yil davomida ekstremistik va aqidaparastlik g‘oyalari aks etgan nashidalar yuborilgan.
«Bu qo‘shiqlarni turli kanallarda eshitib qolganman. O‘zimga yoqqani uchun ma’nosini tushunmasdan guruhga joylaganman. Arab tilini umuman bilmayman, faqat qo‘shiq ohangi yoqqan», — deb ta’kidlagan sudlanuvchi.
Sudlanuvchi tomonidan yuritib kelingan guruh ko‘zdan kechirilganda, unda 5 ta diniy mazmundagi nashidalar borligi va ularning barchasi yigitga tegishli telefondan yuborilgani aniqlangan.
Yigit suddan yengillik so‘rab, qilmishidan pushaymonda ekanini ta’kidlagan. U Jinoyat kodeksining 244−1-moddasi 3-qismi «g» bandida (Ommaviy axborot vositalaridan yoxud telekommunikasiya tarmoqlaridan, shuningdek Internet jahon axborot tarmog‘idan foydalanib, jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish) nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli topilgan va 57-modda (Engilroq jazo tayinlash) tatbiq etilgan holda 3 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.