Prezident yordamchisi Saida Mirziyoyeva shu kunlarda Qatar poytaxti Doha shahrida bo‘lib o‘tayotgan Dizayn biyennalesida ishtirok etmoqda.
Mazkur biyennaleda O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi bilan birgalikda «Crafting Uzbekistan: Tradition in Threads» ko‘rgazma loyihasi taqdim etilyapti.
«Ushbu tadbirda ham mahalliy, ham mintaqaviy, ham global miqyosda dizayn sohasiga oid ilg‘or tajribalar almashinuvi bo‘lib o‘tadi. Undagi ishtirokimizdan mamnunman.
«Crafting Uzbekistan: Tradition in Threads» ko‘rgazmasida O‘zbekistonning boy hunarmandchilik an’analari bilan zamonaviy ijod uyg‘unligini namoyish etmoqdamiz. Ko‘p asrlik tarixga ega hunarmandchiligimizning bebaho merosi bizni an’ana va madaniyatimizni asrab-avaylashga undaydi», – deb yozadi Mirziyoyeva.
Prezident yordamchisi, shuningdek, Qatar Muzeylar idorasi vakillariga global madaniy almashinuvni rivojlantirish va badiiy innovasiyalar yaratish yo‘lidagi harakatlari, shuningdek, Biyennalega taklif uchun minnatdorchilik bildirgan.