Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov mamlakat madhiyasini o‘zgartirish taklifini qo‘llab-quvvatladi.
«Agar biz uni o‘zgartirsak yaxshi bo‘ladi. Uni yangilashning nimasi yomon? Hozirgi madhiyamiz bundan 33 yil avval ozodlik va mustaqillik davrida yozilgan. Endi biz ozod bo‘ldik, mustaqil yurtmiz... Biz davlat sifatida to‘la shakllandik, butun dunyoda tan olindik. Yana yuz yil o‘tsa ham biz ozod bo‘ldik, suveren davlat bo‘ldik, deb kuylashni davom ettiramizmi?», dedi Japarov «Kabar»ga bergan intervyusida.
U Qirg‘iziston mustaqilligi va uning besh ming yillik tarixini nishonlaydigan, yoshlar va kelajak avlodlarni ruhlantiradigan madhiya yozishni taklif qildi. Hozirgi madhiya tarixda birinchi bo‘lib qoladi.
Madhiyani o‘zgartirish taklifi 25 oktyabr kuni Jogorku Kenesh spikeri Nurlanbek Shakiyev tomonidan bildirilgan.