Bugun 17 noyabr, 2026 yil, seshanba

КИР

Ro‘za ulkan axloq maktabidir

A A A
Ro‘za ulkan axloq maktabidir

«Alloh odamlarga O‘z oyatlarini ana shunday bayon etadi. Shoyadki, taqvo qilsalar». E’tibor bersak, ro‘za haqidagi oyatlar majmuasining birinchisida ham taqvoga urg‘u berilgan edi. Endi mana shu oxirgi oyatda ham taqvoga urg‘u berilmoqda. Ro‘zaning son-sanoqsiz foydalari ichida uning ro‘zadorda taqvo hissini mustahkamlashi birinchi o‘rinda turadi.

Ramazon oyida ro‘za tutish oqil, bolig‘ va boshqa shartlarni o‘zida mujassam qilgan har bir mo‘min-musulmon uchun farzdir. Ro‘za tutish farz qilinishining hikmatlari esa juda ko‘pdir. Quyida ulardan ba’zilarini aytib o‘tamiz.

1. Ro‘za Alloh taologa qilinadigan toat-ibodatdir. Ro‘za tutgan banda had-hisobsiz ajru savoblarga ega bo‘ladi. Bu ibodatni ado etgan banda jannatga «Rayyon» deb ataladigan alohida eshikdan kirish huquqini qo‘lga kiritadi.

2. Ro‘za ulkan axloq maktabidir. Ro‘za tufayli mo‘min kishi ko‘pgina xislatlarga ega bo‘ladi. Ro‘za nafs balosiga qarshi jihoddir. Ro‘za tufayli inson man qilingan narsalarga sabr qilishga o‘rganadi. U ro‘za orqali hayotida duch keladigan mashaqqatlarga chidashga ham malaka hosil qiladi.

3. Ro‘za tutish orqali mo‘min kishi omonatga xiyonat qilmaslik hamda maxfiy va oshkora holatlarda ham Alloh taolo uni kuzatib turganini his qilishni o‘rganadi.

4. Ro‘za tutgan kishining taqvodorligi oshadi. Qadimdan barcha ulamolar va hukamolar ham ushbu haqiqatni doimiy ravishda takrorlab kelishgan. O‘zini bilgan har bir ro‘za tutuvchi inson ham bu haqiqatni juda yaxshi biladi. Shu bilan birga, bu hikmatni targ‘ib qiluvchilar sirasiga keyingi paytlarda kishilarni ochlik yo‘li bilan davolovchi tabiblar ham qo‘shildilar. Ularning ta’kidlashicha, ixtiyoriy och qolish, ya’ni ro‘za tutgan insonda Alloh taolodan qo‘rqish, U Zotni doimo his etib turish, ya’ni taqvo hissi paydo bo‘ladi va ortadi. Hozirgi kunda och qoldirish yo‘li bilan davolayotgan tabiblarning eng mashhurlari ichida birorta musulmon shifokor yo‘q. Lekin ular dunyodan o‘tgan mashhur kishilar, Muso va Iyso alayhissalom kabilar ham ixtiyoriy och qolish yo‘li bilan oliy ruhiy maqomlarga erishganlarini, hozirda ham kim taqvodorlikka erishish niyatida bo‘lsa, albatta ro‘za tutishi zarurligini ta’kidlamoqdalar.

5. Ro‘zaning eng mashhur hikmatlaridan biri ro‘zadorga ato etiladigan sog‘likdir. Hozirda ro‘za tutish aynan sog‘lik uchun nihoyatda foydali ekani haqida hamma bir ovozdan gapirmoqda. Mutaxassislar ixtiyoriy och qolishni ko‘p va xo‘b targ‘ib qilmoqdalar. Ro‘za o‘sha ixtiyoriy och qolishning eng yaxshi va eng samarali namunasidir. Ro‘za nafaqat sog‘likni saqlash uchun, balki kasalliklarni davolash uchun ham nihoyatda zarurligi ta’kidlanmoqda. Hozirgi kunda keng tarqalgan bemorliklarning ko‘plarini musulmon bo‘lmagan yurtlardagi tabiblar ochlik, ya’ni ro‘za tutish yo‘li bilan davolamoqdalar.

Yaqinda rus olimlari ro‘za tutish yo‘li bilan davolangan bemorlar ro‘yxatini e’lon qildilar. Natijalar kishini hayratda qoldiradigan darajada muvaffaqiyatli. Hatto saraton kasaliga mubtalo bo‘lganlar ham shifo topganlar. Ro‘za turli kasalliklarga shifo bo‘lishi bilan birga, kishi badanidagi to‘planib qolgan turli keraksiz moddalar, yog‘lar, tuzlar va boshqa narsalarni ham ketkazadi. Natijada insonning jismi ham, ruhi ham yengillashadi. Zehni o‘tkirlashib, xotirasi kuchli, irodasi mustahkam bo‘ladi.

6. Ro‘zaning foydalaridan biri havoyi nafsni sindirishdir. Ma’lumki, havoyi nafsning aytganini qilaverish insonni unga qul qilib qo‘yadi. Bora-bora inson havoyi nafsi nima desa, shuni qiladigan bo‘lib qoladi. Havoyi nafs esa insonni hech qachon yaxshi narsaga buyurmaydi. Ro‘za tutgan kishi ishtahasi kelib turgan holda turli taom, ichimliklar, shahvoniy narsalar va havoyi nafsi tilab turgan boshqa narsalardan o‘zini tiyish bilan havoyi nafsining xohishini sindiradi. Shu bilan ro‘zadorning irodasi kuchayadi. Havoyi nafsini jilovlab oladi.

7. Ro‘zaning foydalaridan biri shaytonga qahr ko‘rsatishidir. Ma’lumki, la’nati shayton inson bolasini yaxshilikdan qaytarib, yomonlikka boshlab turadi. Inson bolasi yomonlikka yursa, shayton alayhila’na xursand bo‘ladi. Inson bolasi yaxshilikka yursa, Alloh taoloning amrini bajo keltirsa, shaytoni la’in xafa bo‘ladi, o‘zini qahrga qolgan hisoblaydi. Ro‘za esa aynan shunday ibodatdir. Ro‘za ibodatini qilgan inson yomonliklardan qaytishi va Alloh taologa taqvo qilishi bilan shaytonga qahr ko‘rsatgan bo‘ladi.

8. Ro‘zaning foydalaridan biri ro‘zadorning qalbi musaffo bo‘lishidir. Ro‘za tutgan inson doimo Alloh taoloning kuzatib turganini his qilib yashaydi. Shuning uchun o‘zi yolg‘iz qolganda ham ro‘zasini ochishga jur’at qilmaydi. Doimiy ravishda Alloh taoloni Uning azamatini, qudratini his etib turish esa kishi qalbini musaffo qiladi. Qalbiga Alloh subhanahu va taoloning muhabbatidan boshqa narsa sig‘may qoladi. Ro‘zador kishi ko‘p hollarda o‘z-o‘zidan yomonlik qila olmay qolishi ham shundan. Demak, kim qalbi musaffo bo‘lishini xohlasa, ro‘za tutsin.

9. Ro‘za tutgan kishining ro‘zasi sababidan gunohlari mag‘firat qilinadi. Bu ma’lum va mashhur haqiqatdir.

10. Ro‘za tutgan kishi o‘z ro‘zasi bilan farishtalarga xos sifatlarga ega bo‘ladi. Ma’lumki, yemaslik, ichmaslik va jinsiy yaqinlik qilmaslik bilan doimo toatda bo‘lish farishtalargagina xos sifatdir. Ro‘za tutgan inson ro‘za tufayli ana shu sifatlarga ega bo‘ladi. Demak, kim farishtalar sifatiga ega bo‘lishni istasa, ro‘za tutsin.

11. O‘z ixtiyori bilan o‘ttiz kun ko‘ngli xohlagan turli narsalardan o‘zini tiygan kishi keragicha sabr-bardoshga ega bo‘ladi. Demak, kim sabr-bardoshli bo‘lmoqchi bo‘lsa, ro‘za tutsin.

12. Ro‘zaning foydalaridan biri ro‘zadorda rahm-shafqat sifatini shakllantirish va mustahkamlashdir. Ro‘za tutgan kishi, o‘z ixtiyori bilan och qolib, chanqab ko‘ngil xohlaydigan turli narsalardan vaqtincha mahrum bo‘lib bir oyni o‘tkazgach, o‘z ixtiyoridan tashqari och qolib, chanqab, dunyo lazzatlaridan bebahra bo‘lib yurgan beva-bechora, kambag‘al fuqarolarga nisbatan rahm-shafqat ko‘rsatadigan bo‘ladi. Doimo ularga yaxshilik qilib turish kerakligini tushunib yetadi. Demak, kim o‘zida rahm-shafqat sifatini shakllantirish va mustahkamlashni xohlasa, ro‘za tutsin.

13. Ro‘za insonning irodasini, qat’iyatini mustahkamlaydi. Ro‘za tutadigan kishining zehni o‘tkirlashib, fikri yorqinlashadi, aniq hamda to‘g‘ri qarorlar qabul qiladigan bo‘ladi.

14. Ro‘za insonni tartib-intizomga o‘rgatadi, chunki ro‘za tutadigan kishi vaqtida saharlik qilib, vaqtida iftorlik qilishga odatlanadi.

Ushbu zikr qilingan narsalar ro‘zaning bu dunyodagi ba’zi foydalari, xolos. Ro‘zaning bu dunyodagi boshqa foydalarini sanab o‘tirsak gap cho‘zilib ketishi mumkin, boshqa kitoblarda bu haqda batafsil ma’lumotlar berilgan. Ro‘zaning oxiratdagi foydalari esa juda ko‘p.

 

Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf

(Mo‘minning qalqoni kitobidan)

Kiritildi: 01:02 18.05.2018. O'qildi: 1754 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik