Isroil xavfsizlik sohasi mutaxassislari general-mayor Roman Xoffmanning Mossad direktori etib tayinlanishini tanqid qildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, rus tilida ravon so‘zlashuvchi belaruslik muhojir Roman Xoffman razvedka xizmatining 14-rahbari bo‘ldi.
Nashr yozishicha, tanqid uning kelib chiqishi yoki rus tilini bilishiga qaratilmagan. Asosiy e’tiroz bu tayinlov Bosh vazir Benyamin Netanyahuning yuqori lavozimlarga o‘ziga sodiq shaxslarni qo‘yish siyosati davomi sifatida baholanayotganidir.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, Roman Xoffman bosh vazirning xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi bo‘lib ishlagan, ammo razvedka sohasida tajribaga ega emas.
Netanyahu o‘tgan yil oxirida uni mazkur lavozimga nomzod sifatida ko‘rsatgan. Shu bilan birga, o‘sha paytdagi Mossad rahbarining agentlikning tajribali xodimini tayinlash taklifi inobatga olinmagan.
Xavfsizlik bo‘yicha ekspert Yoav Limorning fikricha, Xoffman iqtidorli ofiser bo‘lsa-da, uning qobiliyatlari yangi lavozimi talablariga to‘liq mos kelmaydi.