Ukraina prezidenti Zelenskiyga o‘zining «g‘alaba rejasi»ni Ukraina parlamenti oldida e’lon qilganidan bir kun o‘tib Yevropa Ittifoqi yetakchilari oldida taqdim etish imkoniyati berildi.
Zelenskiyning aytishicha, sammit uning «Rossiyani haqiqiy diplomatiyaga majburlash strategiyasini» muhokama qilish imkoniyatidir.
Uning qo‘shimcha qilishicha, Yevropaning Ukrainani qo‘llab-quvvatlashi odamlar hayotini saqlab qolgan, shu bilan birga « Yevropadagi urush tajovuzkorga foyda keltirmasligini isbotlagan».
«Biz birgalikda bu urushni to‘xtatishimiz, ukrainaliklar va xalqlaringiz uchun tinchlik o‘rnatishga zarur bo‘lgan shartlar bajarilishini ta’minlashimiz kerak», — dedi u.
So‘ng u «Putin urushni tugatish uchun emas, balki uni davom ettirish uchun qo‘shimcha kuchlar tayyorlayapti», dedi va uning Shimoliy Koreya, Xitoy va Erondan yordam olayotganini ta’kidladi.
Chorshanba kuni bergan va’dasini takrorlar ekan, u «agar hozir boshlasak va g‘alaba rejasiga amal qilsak, urushni keyingi yildan kechiktirmay tugatishimiz mumkin», dedi.
«Rossiya olib kelgan vayronagarchilik uchun javob berishi kerak», dedi Zelenskiy.