Ukraina mudofaa kuchlari 3 fevral dushanbaga o‘tar kechasi Rossiyaning "harbiylar uchun ko‘p miqdorda yoqilg‘i ishlab chiqaruvchi" Volgograd neftni qayta ishlash zavodi va Astraxan gazni qayta ishlash zavodiga zarba berganini Ukraina Qurolli kuchlari Bosh shtabi ma’lum qildi.
Zarbalar Ukraina Qurolli kuchlari maxsus operasiyalar bo‘linmalari va Ukraina Xavfsizlik xizmati tomonidan Mudofaa kuchlarining boshqa tarkibiy qismlari bilan hamkorlikda amalga oshirilgani ta’kidlandi.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, Volgograd viloyatidagi "LUKOYL" zavodining birlamchi qayta ishlash qurilmalari shikastlangan. Astraxan zavodida yong‘in davom etmoqda, korxona faoliyati to‘xtatilgani haqida Ukraina Qurolli kuchlari Bosh shtabi xabar berdi.
Xabarda boshqa tafsilotlar aniqlanayotgani aytilgan.