Turk firmalari ilk bor Rossiyaga tovuq tuxumini eksport qila boshladi. Turkiya tuxum ishlab chiqaruvchilar uyushmasi rahbari Ibrohim Afion mahsulot yetkazib berishda hech qanday muammo bo‘lmasligiga ishontirdi, deb xabar beradi Kazinform agentligi TASSga tayanib.
“Uchta firmamiz birinchi yetkazib berishni boshladi. Turkiyaning 21 kompaniyasi Rossiya Federasiyasiga tovuq tuxumini yetkazib berishga ruxsat oldi. Eksport bilan bog‘liq muammolar bo‘lmaydi, biz Rossiya tomonining barcha ehtiyojlarini qondirishga tayyormiz”, – dedi tadbirkor.
Rossiyada tuxum narxining oshishi munosabati bilan Rossiya Qishloq xo‘jaligi nazorati qo‘mitasi Turkiyaning 21 korxonasiga tuxum yetkazib berishga ruxsat berdi. Rossiya Federasiyasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, birinchi tuxum yaqin kunlarda yetkazib beriladi.
“Turkiya har kuni 70 million dona tovuq tuxumi ishlab chiqaradi. Bu ko‘rsatkich bo‘yicha mamlakatimiz dunyoda to‘qqizinchi o‘rinni egalladi. Mamlakatimizda tovuq tuxumi yetishtirish bilan shug‘ullanuvchi 470 ga yaqin korxona mavjud bo‘lsa, ularning 110 tasi eksport bilan shug‘ullanadi”, – dedi nufuzli uyushma rahbari.