Rossiyaning Primorsk o‘lkasi prokuraturasi voyaga yetmaganlar savdosida gumon qilingan sakkiz nafar tibbiyot xodimiga qo‘yilgan ayblovni tasdiqladi.
Bu haqda prokuraturaning telegram-kanalida ma’lum qilindi.
Qayd etilishicha, Primorsk o‘lkasi prokurori xususiy klinikaning 8 nafar tibbiyot xodimiga qarshi ayblov xulosasini tasdiqlagan: “Ular Rossiya Federasiyasi Jinoyat kodeksining 127.1-moddasi 3-qismi “v” bandi (voyaga yetmaganlarni chet elga noqonuniy olib chiqib ketish) bo‘yicha ayblanmoqda”.
Gumonlanuvchilar 13 ta yangi tug‘ilgan chaqaloqni sotish bo‘yicha operasiyalarni amalga oshirib, natijada 53 million rubldan (687 ming AQSh dollari – Eslatma) ko‘proq pul oldi. Jinoyatni sodir etish uchun shifokorlar bepushtlikni davolash niqobi ostida yordamchi reproduktiv texnologiyalardan foydalanganlar. Embrionlarni o‘stirib, farzandlar tug‘ilgandan so‘ng ularni chet elga sotishdi.