Financial Times nashriga ikki manbaning xabar berishicha, Rossiya xavfsizlik xizmatlari Putin va uning eng yaqin yordamchilarini himoya qiluvchi maxsus videokuzatuv tizimining bir qismini o‘chirib qo‘ygan. Bu voqea Tehronda Oyatulloh Ali Xominaiy o‘ldirilganidan keyin sodir bo‘lgan.
Suhbatdoshlardan birining so‘zlariga ko‘ra, ushbu tizim Moskvada o‘rnatilgan qariyb 300 mingta kameradan alohida ishlaydi. Internetdan uzilib va sinchkovlik bilan tekshiruvdan o‘tkazilgandan so‘ng, Putinni himoya qiluvchi kameralar qayta yoqilgan.
Bu choralar Isroil razvedkasi Xomanaiy va boshqa yuqori martabali shaxslarni o‘ldirish bo‘yicha operasiyani rejalashtirish uchun uning qayerda ekanligini aniqlash maqsadida Eron yo‘l kameralaridan katta hajmdagi videoyozuvlarni yig‘ib olganidan keyin ko‘rildi.
Rossiya Prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov gazetaning kameralar o‘chirilgani haqidagi savollariga javob bermadi, ammo bundan oldin Federal xavfsizlik xizmati direktori Aleksandr Bortnikov mintaqaviy xavfsizlik xizmatlari rahbarlarini Rossiyadagi "keng qamrovli kuzatish tizimi zaif nuqtaga aylangani" haqida ogohlantirgan edi.
"Yaqinda Amerika-Isroil alyansi tomonidan Eron oliy rahbariyati vakillarining yo‘q qilinishi aniq xavfli signaldir. Qurbonlarning qayerda joylashganligi haqidagi koordinatalar, jumladan, Tehrondagi videomonitoring tizimlaridagi dasturiy "yashirin kodlar" orqali olingan", — degan edi u.
Rossiya tomonidan ko‘rilgan ehtiyot choralariga qaramay, ukrainalik mustaqil hakerlardan biri FT’ga Moskvadagi va hatto Kreml atrofidagi kameralar "hamon ishlayotgani va muntazam ravishda buzib kirilayotganini" aytdi.
Yangi texnologiyalar video bo‘yicha matnli qidiruvdan foydalanishga imkon beradi.
Bunday qidiruv razvedka xodimlariga "ikki erkak bir-biriga sumka uzatyapti" kabi oddiy so‘rovlardan foydalanish yoki, masalan, qisqa vaqt ichida bir joydan bir necha bor o‘tib ketgan transport vositasini izlash imkonini beradi.
"Bu videokuzatuvning "Muqaddas Graal"idir (eng oliy maqsadidir). Biz ob’ektlarni emas, balki xulq-atvorni izlashimiz mumkin, bu esa yangi imkoniyatlar dunyosini ochdi",
— dedi FT’ga ushbu texnologiyadan foydalanayotgan yevropalik amaldor.