Rossiya Davlat Dumasi Kengashi bir ovozdan qabul qilgan qarorga ko‘ra, 2024 yildan boshlab deputatlar o‘z saylov okruglarida vakolatlarini bajarish chog‘ida faqat Rossiyada ishlab chiqarilgan avtomobillardan foydalanadi.
Davlat Dumasi spikeri Vyacheslav Volodinning so‘zlariga ko‘ra, Moskvada deputatlar allaqachon rasmiy transport vositalarini mahalliy brendlarga almashtirishni boshlagan. Volodinning fikricha, bu qarorlar “Rossiya avtomobilsozlik sanoatini rivojlantirishga yordam beradi, byudjet mablag‘lari mamlakatda qoladi”.
3 avgust kuni ishlab chiqarish korxonalari rahbarlari bilan uchrashuvda Vladimir Putin mansabdor shaxslar uchun davlat tomonidan xorijiy avtomobillar xarid qilishni to‘xtatishni talab qilib, mamlakatdagi barcha davlat xizmatchilari mahalliy avtomobillarda yurishi kerakligini aytgandi. Ertasi kuni Vyacheslav Volodin deputatlar ishni “o‘zlaridan boshlashi”ni hamda “Moskvich”, “Lada” va “Arus” avtomashinalaridan foydalanishini aytdi.
Putinning tashabbusi 1997 yilda bosh vazir o‘rinbosari bo‘lib turgan Boris Nemsov tomonidan ilgari surilgan g‘oyani takrorlaydi. 1997 yil 1 aprelda prezident Boris Yelsinning hukumat amaldorlari uchun xorijiy avtomobillarni sotib olishni taqiqlovchi farmoni kuchga kirdi. Biroq tajriba muvaffaqiyatsiz tugadi, jumladan mahalliy avtomobillarni boshqarishga harakat qilgan amaldorlar nosozliklar haqida doimiy ravishda shikoyat qilardi. Ikki yil o‘tgach, bu vaqt davomida chet el mashinasini haydashda davom etgan Yelsin o‘z buyrug‘ini bekor qilish to‘g‘risidagi farmonga imzo chekdi.