Rossiya hukumati ayollar uchun harbiy xizmatning eng yuqori yoshini 45 yoshdan 50 yoshgacha oshirish bo‘yicha qonun loyihasini Davlat Dumasiga kiritdi. Hujjat parlament quyi palatasining ma’lumotlar bazasida e’lon qilindi. Bu haqda “Meduza” xabar berdi.
Ma’lum bo‘lishicha, zaxiradagi ayol ofiserlar va boshqa unvondagi ayollar uchun xizmat yoshining eng yuqori chegarasini mos ravishda 50 yoshdan 55 yoshgacha va 45 yoshdan 50 yoshgacha oshirish taklif etilmoqda. Bu shuni anglatadiki, ayol ofiserlar 55 yoshgacha, boshqa unvondagi ayollar esa 50 yoshgacha safarbarlikka jalb etilishi mumkin.
Tushuntirish xatida ta’kidlanishicha, tegishli qonun loyihasi “ayol harbiy xizmatchilar uchun qo‘shimcha ijtimoiy kafolatlar” yaratish uchun zarur.
Hujjat mualliflarining qayd etishicha, harbiy xizmat uchun hozirgi eng yuqori yosh har doim ham pensiya va boshqa qo‘llab-quvvatlash imtiyozlariga ega bo‘lish uchun yetarli staj to‘plashga imkon bermaydi.
Masalan, 25-30 yoshida shartnoma imzolagan va pensiyaga chiqish uchun imtiyozli staj belgilanmagan hududda xizmat qilayotgan ayol harbiy xizmatning eng yuqori yoshiga yetgach, imtiyozli uy-joy va pensiya ololmasligi mumkin.
Hukumat, shuningdek, Ukraina bilan urush sharoitida tibbiyot xodimlarining aksariyati ayol harbiy xizmatchilar, shu jumladan harbiy xizmatning eng yuqori yoshiga yetgan (etayotgan) ayollar ekanini ta’kidladi.