Rossiyaning Moskva viloyatida 25 aprel kuni avtomobil portlashi oqibatida rossiyalik general Yaroslav Moskalik halok bo‘ldi. Bu haqda mahalliy aholiga tayanib, Mash xabar berdi.
Hodisa Balashixa shahrida yuz bergan, huquq-tartibot idoralari xodimlari portlash sabablarini o‘rganmoqda. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, avtomobilga portlovchi qurilma o‘rnatilgan. U gaz ballon uskunalari yoniga joylashtirilgan. Rossiyalik general avtomobil oldidan o‘tayotganida qurilma masofadan ishga tushirilgan.
Rossiya ommaviy axborot vositalariga ko‘ra, marhum Rossiya Qurolli kuchlari bosh shtabi bosh operativ boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Yaroslav Moskalik bo‘lgan. Tergov qo‘mitasi portlash yuzasidan jinoiy ish qo‘zg‘atgan. Qaysi modda bo‘yicha tergov olib borilayotgani hozircha noma’lum.
Moskalik 2015 yilda Ukraina bilan “normand formati” doirasidagi muzokaralarda ishtirok etgan, shuningdek, Rossiyaning Suriyadagi harbiy operasiyasi bilan bog‘liq mavzular bo‘yicha spiker bo‘lgan. Rossiya prezidenti Vladimir Putin 2021 yilda unga general-leytenant unvonini bergan.