Rossiya yadro kallaklarini tashishga qodir “Oreshnik” gipertovushli ballistik raketalarini Belarus sharqidagi aviabazada joylashtirgan — Reuters
"Amerikalik tadqiqotchilar Planet Labs sun’iy yo‘ldoshi tasvirlarini o‘rganib chiqib, “Oreshnik” tizimi Belarusning Mogilyov viloyatidagi, Rossiya chegarasidan atigi 5 kilometr uzoqlikda joylashgan “Krichev-6” sobiq harbiy aerodromida joylashtirilgan degan xulosaga kelishdi", deya xabar bermoqda nashr.
Ma’lumotlariga ko‘ra, bu Rossiyaning butun Yevropa bo‘ylab raketalarni yetkazish imkoniyatlarini kuchaytirishi mumkin. “Krichev-6” aerodromi Ukrainadan taxminan 180 km, Latviyadan 370 km, Litvadan 400 km va Polshadan 540 km masofada joylashgan.
Tadqiqotchilar sun’iy yo‘ldosh tasvirlarida aynan “Oreshnik” tizimi aks etgani 90 foiz aniqlikda ekanini aytishdi. Reuters manbasining bildirishicha, tadqiqotchilar bahosi AQSh razvedkasi xulosalari bilan ham mos keladi.
“Oreshnik” — o‘rta masofali eksperimental ballistik raketa tizimi bo‘lib, uning uchish masofasi taxminan 5500 kilometrni tashkil etadi. Rossiya Qurolli kuchlari “Oreshnik”ni ilk bor 2024 yil noyabr oyida, Ukrainaning Dnepr shahriga zarba berish chog‘ida qo‘llagan.