Rossiya Mudofaa vazirligi payshanba kuni Ukrainaning navbatdagi hujumini Kurskda, ya’ni qisman Ukraina nazorati ostida bo‘lgan Rossiyaning janubi-g‘arbiy mintaqasida qaytarganini ma’lum qildi.
Jang maydonidagi bu da’voni mustaqil ravishda tekshirishning iloji yo‘q va Kiyev tomonidan darhol izoh berilmadi, biroq Rossiyaning bu xabarlari Ukrainaning avgust oyidagi kutilmagan chegaradan o‘tib hujum qilishidan roppa-rosa olti oy o‘tgach paydo bo‘ldi.
Dastlab ular 1000 kvadrat kilometrdan ortiq hududni egallagan bo‘lsa-da, keyinchalik Rossiyaning qarshi hujumlari natijasida bu yerlarning yarmidan ko‘pi qaytarib olindi.
"Ertaga Kursk operasiyasi boshlanganiga olti oy to‘ladi - bu bizning kurashimiz uchun hal qiluvchi qadam bo‘ldi," dedi prezident Zelenskiy chorshanba kuni kechqurun, bostirib kirish 60 mingdan ortiq rus askarini band qilib qo‘yganini ta’kidlab.
"Urush diplomatik yechimga yaqinlashgan paytda, bu operasiyaning qanchalik muhim ekanligini ko‘rasiz," dedi u. "Ularning kuchlari xuddi magnitdek joyida qotib qolgan."
Ukraina generallari Kurskdagi hududiy yutuqlarni, garchi ular kichik bo‘lsa-da, Rossiya bilan bo‘lajak tinchlik muzokaralarida o‘zlariga foyda keltiradigan vosita sifatida ko‘rayotgani taxmin qilinmoqda.