Rossiya Qurolli kuchlari 4 iyul kuni erta tongda Ukrainaga raketalar va dronlar yordamida keng ko‘lamli hujum uyushtirdi. Ukraina Havo kuchlari ma’lumotlariga ko‘ra, hujumda 539 ta dron hamda 11 ta raketadan foydalanilgan. Asosiy yo‘nalish poytaxt Kiyev bo‘lgan. Ukraina harbiylari 476 ta dron va “Iskander-K” majmuasidan uchirilgan 2 ta qanotli raketani zararsizlantirganini qayd etmoqda.
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, zarbalar oqibatida 23 kishi yaralangan, shulardan 14 nafari shifoxonaga yotqizilgan. Mamlakat IIV Igor Klimenkoning so‘zlariga ko‘ra, zarbalar natijasida poytaxtdagi turar joy binolari, ta’lim, tibbiyot va transport infratuzilmasiga shikast yetkazilgan.