Rossiya iqtisodiyoti korporativ bankrotliklarning keskin ko‘payishi xavfi oldida turibdi, chunki kompaniyalar rekord darajadagi asosiy foiz stavkasi tufayli qiyin ahvolga tushib qolmoqda.
Rossiya hukumatiga yaqin bo‘lgan Makroiqtisodiy tahlil va qisqa muddatli prognozlashtirish markazi (CMASF) ma’lumotlariga ko‘ra, har beshinchi ishlab chiqarish korxonasi soliqdan oldingi foydaning uchdan ikki qismini qarz xizmatiga sarflashi kerak. Bu esa Rossiya Markaziy banki (MBR) tomonidan iqtisodiyotni sovutish maqsadida o‘rnatilgan 21 foizlik asosiy stavka o‘z ta’sirini ko‘rsatayotganidan dalolat beradi.
Vena xalqaro iqtisodiy tadqiqotlar instituti yetakchi iqtisodchisi Vasiliy Astrov "Newsweek" nashrga bildirganidek, Rossiyada bankrotliklar soni keskin oshishi "real xavf" hisoblanadi.
Hukumatga yaqin markaz tomonidan tayyorlangan ushbu hisobot prezident Vladimir Putin Ukrainada boshlagan urush xarajatlari sanksiyalar ta’siridagi Rossiya iqtisodiyotiga qanchalik kuchli zarba berayotgani haqida aniq tasavvur beradi.
Bu firmalarning inflyasiyani pasaytirish maqsadida o‘rnatilgan yuqori asosiy foiz stavkasi tufayli oshgan qarz olish xarajatlari bilan kurashayotganini ko‘rsatadi va rekord darajadagi harbiy xarajatlarning moliyaviy barqarorligi haqida savollar tug‘diradi.
Markaziy bank o‘tgan yili inflyasiyaga qarshi kurashish uchun o‘zining asosiy foiz stavkasini 21 foizgacha ko‘tardi. Bu yigirma yil ichidagi eng yuqori ko‘rsatkich bo‘lib, inflyasiya darajasi 9,5 foizga yetgan edi, ya’ni bank maqsadidan ikki baravar yuqori edi.
Biroq, CMASF hisoboti ushbu stavkaning salbiy ta’sirini ko‘rsatdi, bu ko‘plab firmalarning qarz olish xarajatlarining keskin oshgani haqida shikoyat qilishiga sabab bo‘ldi.
Tadqiqot shuni ko‘rsatdiki, 2024 yil oxiriga kelib, firmalarning 20 foizida foiz to‘lovlari tuzatilgan daromadning uchdan ikki qismiga yetgan, bu esa "xavfli" daraja hisoblanadi.
Rossiya iqtisodiyoti bo‘yicha mutaxassis Astrovning ta’kidlashicha, Rossiya korxonalarining qariyb yarmi suzuvchi foiz stavkasidagi qarz majburiyatlariga ega, shuning uchun qayta moliyalash ehtiyojlari foiz stavkalarining oshishiga mos ravishda keskin ko‘tarilgan bo‘lishi kerak.