Rossiya harbiy jihatdan yengilmaydi, urushning avj olishi esa tomonlar uchun tuzatib bo‘lmaydigan oqibatlarga olib keladi, dedi Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev.
16 sentyabr kuni kuni Ostona shahrida Qozog‘iston prezidenti Qosim Jo‘mart To‘qayev Germaniya kansleri Olaf Shols bilan uchrashuvda Ukrainadagi vaziyat haqida fikr bildirdi.
"Fakt shuki, Rossiya harbiy jihatdan yengilmaydi. Urushning yanada avj olishi butun insoniyat va birinchi navbatda, Rossiya-Ukraina mojarosida bevosita ishtirok etayotgan barcha mamlakatlar uchun tuzatib bo‘lmaydigan oqibatlarga olib keladi. Afsuski, Istanbul bitimini tuzishdan bosh tortish bilan hech bo‘lmaganda sulhga erishish uchun yaxshi imkoniyat yo‘qoldi. Ammo tinchlik uchun imkoniyat hali ham mavjud", —deya fikr bildirdi Qozog‘iston yetakchisi Germaniya kansleri bilan uchrashuvda.
To‘qayevning so‘zlariga ko‘ra, turli davlatlarning barcha tinchlik tashabbuslarini diqqat bilan ko‘rib chiqish va harbiy harakatlarni to‘xtatish to‘g‘risida qaror qabul qilish kerak, keyin hududiy masalalarni muhokama qilishga o‘tiladi.
"Bizningcha, Xitoy va Braziliya taklif qilayotgan tinchlik rejalari qo‘llab-quvvatlanishga loyiq. Davlat rahbarlari kelib-ketadi, lekin xalqlar, ayniqsa, qo‘shni xalqlar tinch va o‘zaro hamjihatlikda yashashi kerak", — deya qo‘shimcha qildi Qozog‘iston prezidenti.