Ukrainaning “Xochu jit” (“Yashashni xohlayman”) davlat loyihasi Rossiya armiyasi safida urishayotgan Markaziy Osiyo davlatlari fuqarolari haqida ma’lumot berdi. Bu haqda loyiha vakillari “Ukraina—Markaziy Osiyo” loyihasining so‘roviga javoban ma’lum qildi.
2026 yil holatiga ko‘ra, loyiha ixtiyorida 12 666 nafar markaziy osiyolikning shaxsiy ma’lumotlari bor. Bu shaxslar Rossiya mudofaa vazirligi bilan shartnoma imzolagan. Ular Rossiya armiyasi safida urushda qatnashgan yoki hozirda qatnashmoqda.
Ma’lum qilinishicha, yollanma askarlar soni bo‘yicha mamlakatlar quyidagicha ketma-ketlikda joylashgan:
◾️ O‘zbekiston 4 853 nafar fuqaro;
◾️ Tojikiston 3 407 nafar fuqaro;
◾️ Qozog‘iston 2 389 nafar fuqaro;
◾️ Qirg‘iziston 1 439 nafar fuqaro;
◾️ Turkmaniston 578 nafar fuqaro.
2025 yilning bahori va yozida “Xochu jit” loyihasi Markaziy Osiyo davlatlari fuqarolarining ism-shariflari ko‘rsatilgan ro‘yxatlarni e’lon qilgandi. O‘sha paytda 5 740 nafar yollanma askar haqida ma’lumot bo‘lgan.
Hozirgi kunga kelib, aniqlangan shaxslar soni ikki baravardan ko‘proqqa ortdi. Loyiha vakillari barcha ma’lumotlar shaxsan tasdiqlanganini bildirdi.