Rossiyaning “RIA Novosti” davlat axborot agentligi “Rossiyani yana bir maxsus harbiy amaliyot kutmoqda. U juda qisqa davom etadi” sarlavhali maqolani e’lon qilib, unda Litvaga yadroviy zarba berish bilan tahdid qildi.
Maqola agentlikning shtatdan tashqari muallifi Aleksandr Nosovich tomonidan yozilgan. Nosovich Litva parlamentining mamlakatda yadro qurolini joylashtirishga taqiqni bekor qilishni qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risidagi qaroriga javoban shunday maqola yozgan.
Ushbu maqola e’lon qilinganidan bir necha soat o‘tib “RIA Novosti” agentligidan o‘chirib tashlangan. Chunki material “Tahririyat fikri va siyosatiga, shuningdek, Rossiyaning davlat siyosatiga mos kelmaydi”, deb topilgan. Biroq maqolaning nusxasi veb arxivda saqlanib qolgan.
Nosovich o‘chirilgan maqolasida Yevropa davlatlari Rossiya chegaralariga noan’anaviy qurollarni joylashtirish masalasini faol ravishda ko‘tarishda davom etayotgani va yadro quroli omboriga aylanishga rozi bo‘lgan davlatni tanlaganini aytgan.
Muallif boshqa narsalar qatorida Litvani miyasi yo‘q, o‘zini o‘zi halokatga boshlayotgan davlat, Rossiyaning yaqin xorijdagi kichik, ammo mag‘rur kamikadzesi deb atagan. U Litvani Ukraina bilan taqqoslab, mamlakatga bostirib kirish va yadroviy zarba berish bilan tahdid qilgan.
Gap qanday vositalardan foydalanish mumkinligi haqida ketmoqda. Raqiblarimiz yadro tahdidi haqida birinchi bo‘lib gap ochgan ekan, Rossiya hatto quruqlikdagi qo‘shinlarini kiritishdan voz kechishi mumkin. Buning uchun tegishli jangovar kallak bilan jihozlangan raketalarning o‘zi kifoya. Qaror shunchaki tez emas, chaqmoqdek tez amalga oshiriladi, deyiladi maqolada.
Bu Rossiya tomonidan Litvaga qarshi bildirilayotgan ilk tahdid emas. Sentyabr oyida Rossiyaning sobiq prezidenti, hozirda Xavfsizlik kengashi rahbari o‘rinbosari lavozimida ishlayotgan Dmitriy Medvedev agar Litva o‘z hududida yadro qurolini joylashtirsa, Rossiya ushbu mamlakatni “jahon xaritasidan o‘chirib yuborish”ini aytib tahdid qilgandi. Kreml esa bunday holatda Litva Rossiya yadroviy quroli nishoniga aylanishini bildirgandi.