Yoshlarimizni kitob o‘qishga qiziqishini oshirishda tanlovlar muhim rol o‘ynamoqda.
Birgina misol, Xorazmiy maktabining 8-sinf o‘quvchisi Dilbar Haydarova “Yosh kitobxon” tanlovida g‘olib bo‘lib, ota-onasiga Prezident sovrini – avtomobil sovg‘a qildi.
“Dilbarxon qizim, sen o‘z misolingda inson chin dildan harakat qilsa, ko‘p narsaga erisha olishini isbotlading, bu yo‘lda ko‘pchilik uchun namuna bo‘lding. Buning uchun katta rahmat senga! Rahmat seni katta qilgan ota-onangga!”, - dedi davlatimiz rahbari.
Yoshlarni aktyorlik, musiqa, kitobxonlikka qiziqishini oshirish uchun “Turon” teatri, “Iqtidor ansambli”, “Jadidlar izidan” kabi tanlovlar o‘tkazilib, ularda 400 mingga yaqin o‘quvchi ishtirok etdi.
Endi tanlovlarda g‘olib bo‘lgan jamoalar chekka hududlardagi maktablarga muntazam borib, o‘z chiqishlari bilan tengdoshlarini madaniyat va san’atga qiziqtiradi. Buning uchun viloyat hokimlari bittadan avtobus olib beradi.
Respublika tanlovi g‘oliblariga madaniyat va san’at oliygohlariga kirishda imtiyoz beriladi.
“Iqtidor” maktab ansambli tanlovining viloyat bosqichi g‘oliblari bolalar va musiqa san’at maktablarida bepul o‘qitiladi.