«Lans» klubi hamda O‘zbekiston milliy jamoasining 20 yoshli himoyachisi Abduqodir Husanov Yevropa grandlarining diqqat markazida turibdi.
Foot Mercato ma’lumotiga ko‘ra, Madridning «Real» klubi ham o‘zbekistonlik yosh himoyachiga qiziqish bildirmoqda. Xusanovning o‘yinini «Bayer», «Napoli», «Yuventus», «Borussiya Dortmund» va «Nyukasl» ham kuzatmoqda. «Lans» futbolchini sotish uchun 25 million yevrodan ko‘proq mablag‘ talab qilmoqda.
Qayd etilishicha, 20 yoshli himoyachining transferi bo‘yicha «Manchester Siti» allaqachon Husanovning vakillari bilan aloqaga chiqqan.
«O‘tgan haftada ingliz va fransuz klublari vakillari, futbolchining otasi Hikmat Hoshimov, uning agenti G‘ayrat Hasbiullin va shartnomada vositachi bo‘layotgan Jorje Mendesh ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tgan», - deyiladi Foot Mercato xabarida.
Avvalroq, insayder Fabrisio Romano «shaharliklar» Abduqodirni transfer qilish bo‘yicha muzokaralarni foal davom ettirayotgani haqida xabar qilgandi.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston milliy jamoasi himoyachisi 2023 yilda «Energetik-BGU»dan «Lans»ga 100 ming yevro evaziga ko‘chib o‘tgan edi. U joriy mavsumda Liga 1 doirasida 13 o‘yinda maydonga tushdi.