Nashr jurnalistlari Putin va Qodirov o‘rtasidagi munosabatlar buzilishining asosiy sababi sifatida Checheniston rahbarining Yaqin Sharq mamlakatlari hukumatlari bilan o‘z mol-mulki va oilasining xavfsizligi bo‘yicha olib borgan muzokaralarini ko‘rsatmoqda.
Nashrga bu haqda Rossiya Federal xavfsizlik xizmatining sobiq va amaldagi xodimlari ismlarini oshkor qilmaslik sharti bilan ma’lum qilishgan. Ushbu ma’lumotni shimoliy kavkazlik jurnalist va inson huquqlari himoyachilari qisman tasdiqlashgan.
Jurnalistlarning yozishicha, Ramzan Qodirov sog‘lig‘i yomonlashayotgani sababli Kremldan yashirin ravishda musulmon davlatlari rahbarlari bilan muzokaralar olib borishga harakat qilgan, biroq Rossiya maxsus xizmatlari bu haqda xabar topib, Vladimir Putinga ma’lum qilishgan.
Bundan tashqari, Kreml Davlat dumasi deputati Adam Delimxanovga nisbatan ham e’tiroz bildirgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, bu Delimxanovning so‘nggi paytlarda mamlakat rahbariyati bilan kelishmagan holda reyderlik va tovlamachilikni o‘z ichiga olgan jinoiy sxemalarni tashkil etgani bilan bog‘liq.
Avvalroq “Vajnie istorii” nashri Ramzan Qodirovning qarindoshi 2022 yildan beri Dubayda kamida to‘rtta hashamatli villa sotib olgani, Checheniston rahbari ulardan birini o‘zining "norasmiy elchixonasi" sifatida ishlatayotgani haqida habar bergan edi.