O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Checheniston rahbari Ramzan Qodirovga Samarqanddagi Registon ansambli maketini sovg‘a qildi. Bu haqda Qodirov o‘zining Telegram-kanalida ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, sovg‘ani "Ahmat" Osiyo jangovar ligasi faxriy prezidenti Oybek Norinboyev va ushbu tashkilot prezidenti Nodir Qodirov yetkazishdi.
“Shavkat Miromonovich tomonidan menga sovg‘a qilingan qimmatbaho sovg‘a – Samarqand shahridagi dunyoning eng mahobatli va go‘zal maydonlaridan biri – Registon ansamblining esdalik nusxasini olish juda yoqimli bo‘ldi. Bu maydon 600 yoshda. U O‘zbekistonning asosiy diqqatga sazovor joylaridan biri sanaladi. Unda uchta madrasa joylashgan bo‘lib, ular ham o‘zining go‘zalligi va ko‘rkamligi bilan hayratga soladi”, — deb yozadi u.
U shuningdek, Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida mamlakat izchil taraqqiyot va farovonlikning yangi vektorini olganini, qardosh O‘zbekistonda shunday g‘ayratli, zamonaviy, Rossiya bilan do‘st bo‘lgan davlatni yanada yaxshilashga qodir rahbar borligidan xursand ekanini qo‘shimcha qildi.