Qur’oni karimda zikr etilgan yagona ayol u Maryam binti Imrondir. Oyati karimada bunday deyiladi: “Yana o‘z nomusini saqlagan ayol – Maryam binti Imronni (misol keltirdi). Bas, Biz o‘z (dargohimizdagi) ruhimizdan unga pufladik (va u Isoga homilador bo‘ldi). U Parvardigorining so‘zlarini va kitoblarini tasdiq etdi hamda (Uning amriga) itoat etuvchilardan bo‘ldi” (Tahrim surasi, 12-oyat).
O‘z nomusini saqlagan Maryam binti Imron muborak Kitobda 34 bora yod etilgan. U zotga Janobi Haq osmondan dasturxon tushirgan. Iso alayhissalom Qur’onda Maryam o‘g‘li Iso deb zikr etilishi Alloh taoloning Maryam onamizga lutfidir.
Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) bir hadisi shariflarida: “Jannat ayollarining eng yaxshisi Maryam binti Imron, Osiyo binti Mazohim, Xadicha binti Huvaylid va Fotima binti Muhammad”, deb marhamat qildilar (Muttafaqun alayh).
Demak, har bir ayolning jannatga noil bo‘lishining siri hadisi sharifda aytib o‘tilgan soliha onalarimizning hayot tarzlarida yashirin. Ular qanday yashadilar, nimalar qildilar?! Avvalo, nomuslarini asradilar. Zero, ayol kishining eng katta boyligi nomusidir.
Bugun, biz yoshlarimizga, ayniqsa, muslimalarga ana shu haqiqatlarni anglatishimiz lozim. Tarbiya qilayotgan qizlarimizga hadisi sharifda zikr etilgan soliha onalarimizning hayot yo‘llarini o‘rnak qilib ko‘rsatishimiz kerak.
Nigora MIRZAYEVA
“Islom nuri” gazetasining 2020 yil 1-sonidan